Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Yashnobod tumanidagi «Toshkent qog`ozi» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari viloyatlar va poytaxtimiz tumanlariga tashrifi chog`ida bo`sh yotgan yoki to`la quvvat bilan ishlamayotgan ob`ektlarda bo`lib, ularning negizida yangi sanoat korxonalari, kichik sanoat zonalari tashkil qilish chora-tadbirlarini belgilab bermoqda. Bu mavjud bino va quvvatlardan samarali foydalanish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o`rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
«Toshkent qog`ozi» mas`uliyati cheklangan jamiyatining umumiy er maydoni 12 gektardan ziyod, bino va inshootlar maydoni 4,5 gektar. Bu erda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur infratuzilma, tayyor imkoniyat mavjud.
Prezidentimiz bu erdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, zavod binolarini ishbilarmon va tadbirkorlarga imtiyozli asosda ijaraga berish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish zarurligini ta`kidladi.
Shu erning o`zida Yashnobod tumanida amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar taqdimoti o`tkazildi.
Tijorat banklari ko`magida tumanda dori va tibbiyot vositalari, maxsus kiyimlar, yog` va em mahsulotlari, travertin va marmar plitalar, sim o`ramlari ishlab chiqarish, ko`ngilochar maskanlar, zamonaviy bozor va ekspomarkaz tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo`yicha mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi, deb yozadi O`zA.