Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Yashnobod tumaniga tashrifi chog`ida kutilmaganda 32-oilaviy poliklinikaga kirdi.
Davlatimiz rahbari poliklinikaning ish tartibi bilan qiziqdi, deb yozadi O`zA. Muassasaning samaradorligini oshirish, uylarga chiqib, aholiga patronaj xizmati ko`rsatishni yanada kuchaytirish zarurligini ta`kidladi. Mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish, poliklinikani ta`mirlash va aholi uchun qulayliklarni oshirish, mobil tibbiy yordam qamrovini kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e`lon qilinganida ham katta ma`no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to`laqonli foydalanishi ham nazarda tutiladi. Shavkat Mirziyoev o`zining saylovoldi uchrashuvlarida xalqning ichiga kirib, ularning dardi, muammolari, takliflarini eshitish lozimligini alohida qayd etgandi.
Prezidentimiz sog`liqni saqlash sohasi xodimlari bilan bir necha marotoba uchrashib, birlamchi tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam tizimining faoliyatini takomillashtirish bo`yicha o`zining tavsiyalarini berdi. Soha rivoji yo`lida bir nechta farmon va qarorlar qabul qilindi, ularning ijrosi izchillik bilan ta`minlanmoqda.
Yashnobod tumanidagi 32-oilaviy poliklinika Asalobod, Ma`rifat, Shirinobod, Jo`rabek, Yassaviy, Boysun mahallalaridagi 27 ming 285 aholiga tibbiy xizmat ko`rsatmoqda. Bolalar va tug`ish yoshidagi ayollar, keksalar chuqurlashtirilgan ko`rikdan o`tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizdagi har bir poliklinikaga tez tibbiy yordam mashinalari ajratildi. 32-oilaviy poliklinikada ham tez tibbiy yordam punkti faoliyati yo`lga qo`yilmoqda.
Prezidentimiz poliklinika joylashgan mahalladagi odamlar bilan muloqot qildi.






