AsosiyJamiyat

​O`zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissarini qabul qildi

'​O`zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissarini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston va BMT, ushbu nufuzli universal xalqaro tashkilot institutlari, shu jumladan, BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi o`rtasida amaliy va ochiq muloqotni yanada rivojlantirish va mustahkamlash muhimligini alohida ta`kidladi, deb yozadi O`zA.

Inson huquqlarini har tomonlama himoya qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli tarkibiy islohotlarning ustuvor yo`nalishi ekani qayd etildi.

O`zbekistonda inson huquqlarini ta`minlash bo`yicha samarali qonunchilik tizimi yaratilgan. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi bilan bir qatorda 16 kodeks va 400 dan ortiq qonunchilik hujjati qabul qilingan. Parlament Ombudsmani va Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz faoliyat ko`rsatmoqda, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo`yicha sudga daxli bo`lmagan yangi mexanizm – Biznes-Ombudsman tashkil etildi.

Yaqinda tasdiqlangan va mohiyatiga ko`ra BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning "yo`l xaritasi"ga aylangan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasida demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishni takomillashtirishga doir aniq chora-tadbirlar dasturi belgilangan.

Bundan tashqari, mamlakatimiz inson huquqlari bo`yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning o`nta shartnomasiga qo`shilgan. Bugungi kunda ushbu hujjatlarni milliy qonunchiligimizga implementasiya qilish va amaliyotga joriy etish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda o`zaro hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari bo`yicha fikr almashildi.

Zayd Raad al-Husayn Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul, O`zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga yuksak e`tibor qaratilayotgani va bu borada amaliy choralar ko`rilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi O`zbekiston bilan uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.

Boshqa yangiliklar