AsosiyJamiyat

​O`zbekiston va Shveysariya Prezidentlari bir-birlarini qutladilar

'​O`zbekiston va Shveysariya Prezidentlari bir-birlarini qutladilar'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Shveysariya Konfederasiyasi Prezidenti Doris Loytxard mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birini qutladilar.

O`zbekiston Prezidenti o`z tabrigida o`zaro munosabatlarni yuqori baholab, o`tgan davrda mamlakatlarimiz o`rtasida "An`anaviy mustahkam do`stlik va o`zaro anglashuvga asoslangan teng huquqli hamkorlik o`rnatilgan. Munosabatlarning barcha masalalari bo`yicha ochiq va amaliy muloqot yo`lga qo`yilgan. O`zaro aloqalarning deyarli barcha yo`nalishlari qamrab olingan salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza shakllangan", deb ta`kidlagan, deya xabar qiladi O`zA.

Bugungi kunda "O`zbekiston bilan Shveysariya o`rtasida, avvalo, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy-texnologik sohalardagi sheriklik aloqalarini izchil rivojlantirish uchun katta salohiyat va imkoniyatlar mavjud"ligi qayd etilgan. O`zbekiston "oziq-ovqat, to`qimachilik, farmasevtika sanoati, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, turizm va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir qo`shma loyiha va dasturlarda Shveysariya kompaniyalarining keng ishtirok etishi"ga ishonadi.

Shveysariya Prezidenti qutlovida bunday deyilgan: "O`zbekiston Respublikasining Shveysariya bilan ko`p yillik do`stlik aloqalari uchun chuqur minnatdorlik bildiraman".

"Shveysariya bilan O`zbekiston o`rtasidagi yaqin munosabatlar va turli sohalardagi hamkorlik mamlakatlarimizning do`stligini ifoda etadi. Shveysariya O`zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biri bo`lib, ikki tomonlama iqtisodiy komissiyalarning muntazam uchrashuvlari davlatlarimiz o`rtasida savdo sohasidagi ijobiy o`zgarishlardan dalolat beradi", deb ta`kidlangan.

"Shveysariyaning yaqinda tiklangan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan 2017-2020 yillarga mo`ljallangan hamkorlik strategiyasida Shveysariya O`zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlik qilish tarafdori ekani aks ettirilgan. Iqlim o`zgarishi, mintaqaviy suv ta`minoti va sanitariya masalalariga e`tibor qaratish mamlakatlarimiz o`rtasida o`zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonaman", deyilgan qutlovda.

Prezident Doris Loytxard O`zbekiston bilan Shveysariya o`rtasidagi do`stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini ta`kidlagan.

Boshqa yangiliklar