1

​Shavkat Mirziyoev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegasiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo`lib o`tdi

Jamiyat 13.05.2017, 16:20
Teglar: Xitoy, Shavkat Mirziyoev
​Shavkat Mirziyoev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegasiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo`lib o`tdi

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rafiqasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 11 may kuni davlat tashrifi bilan Xitoyga keldi.

O`zbekiston – Xitoy hamkorlik munosabatlari keng ko`lam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko`tarilmoqda. Mamlakatlarimizning milliy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan bu aloqalar O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshlab bergan o`zaro do`stlik, mustahkam ishonchga asoslangan hamkorlik negizida taraqqiy etmoqda,deb yozadi O`zA.

O`zaro manfaatli hamkorlikning huquqiy bazasini 2005 yilda imzolangan Do`stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to`g`risidagi shartnoma, 2010 yildagi Do`stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish va rivojlantirish to`g`risidagi qo`shma deklarasiya, 2012 yildagi Strategik sheriklik o`rnatish to`g`risidagi Qo`shma deklarasiya, 2013 yildagi Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi Qo`shma deklarasiya, 2014-2018 yillarga mo`ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi hamda 2016 yilda imzolangan Qo`shma bayonot tashkil qiladi.

Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi ulkan tarixiy ahamiyatga ega bo`lib, nihoyatda keng ko`lamlidir. Ular uzoq muddatli istiqbolda mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

12 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni rasmiy kutib olish marosimi bo`ldi.

O`zbekiston va Xitoy davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o`tdilar.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning ikki mamlakat rasmiy delegasiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo`lib o`tdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Prezidentimizni Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutladi.

Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g`oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o`rtasidagi diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 25 yil to`lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin yaratadi. 2016 yilda Buxoroda bo`lganimda menga hamrohlik qilganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi, dedi Si Szinpin.

XXR Raisi Xitoy va O`zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo`yayotganini ta`kidladi.

Shavkat Mirziyoev taklif uchun Si Szinpinga minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini ta`kidladi.

O`zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyatiga yuksak hurmat ko`rsatib, 2016 yil Buxoroga borganingiz, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosga katta qiziqish bildirganingizdan xursandmiz. O`zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining etakchilaridan bo`lgan va o`z maqsadlari yo`lida qat`iy borayotgan mamlakat sifatida biladi, dedi Shavkat Mirziyoev.

Muzokaralarda o`zaro va ko`p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.

Xitoy O`zbekistonning hayot sinovidan o`tgan ishonchli hamkoridir. Xalqlarimiz o`rtasidagi munosabatlar Buyuk ipak yo`li tarixi bilan chambarchas bog`langan bo`lib, milliy qadriyat va an`analarimiz jahon madaniyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo`shgan, savdo aloqalarimiz dunyo ahliga o`z davrining noyob buyumlarini taqdim etgan. Bugun insoniyatning kundalik ehtiyojlariga aylangan choy, paxta, ipak, qog`oz kabi mahsulotlar ularning bir qismi, xolos.

Xitoy O`zbekiston iqtisodiyotiga eng ko`p investisiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko`rsatmoqda. O`tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O`zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 7,8 milliard dollar miqdorida investisiya kiritgan.

2016 yil yakunlari bo`yicha o`zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi. Xitoy bozorida O`zbekistonda ishlab chiqarilgan to`qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qishloq xo`jaligi va boshqa tovarlarga talab katta.

Xitoy Xalq Respublikasi O`zbekiston iqtisodiyotini modernizasiya va diversifikasiya qilish bo`yicha dasturlarni amalga oshirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoatning eksport salohiyatini yuksaltirishda faol ishtirok etmoqda.

XXRning etakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o`zaro manfaatli aloqalarni, birinchi navbatda, yuqori texnologiyaga asoslangan tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Neft-gaz va telekommunikasiya tarmoqlarida, transport, to`qimachilik, kimyo sanoati va boshqa yo`nalishlarda qo`shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xitoy biznes sub`ektlari O`zbekistondagi ko`plab yangi sanoat korxonalari, jumladan, Dehqonobod kaliyli o`g`itlar, Qo`ng`irot soda zavodlari qurilishida ishtirok etdi. XXR tadbirkorlari ko`magida mamlakatimizda elektr texnikasi mahsulotlari, mobil telefonlar, qurilish texnikasi ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. “Huawei” kompaniyasi tomonidan Toshkent shahri va O`zbekiston mintaqalarining telekommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha 20 loyiha amalga oshirildi. ZTE korporasiyasi bilan hamkorlikda chiqarilayotgan modem, smartfon hamda boshqa uskunalarga ichki va xorij bozorlarida talab yuqori.

Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining barcha to`rt tarmog`i O`zbekiston hududidan o`tgan. XXR Milliy neft-gaz korporasiyasi mamlakatimizda istiqbolli uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol qatnashmoqda. Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo`yicha hamkorlik qilib kelinmoqda.

Muzokaralarda iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoev va Si Szinpin O`zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o`rtasidagi Qo`shma bayonotni imzoladilar. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to`g`risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to`g`risidagi bitimlar, umumta`lim maktablarida ta`lim sifatini oshirish, sog`liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to`g`risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o`simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari o`rtasidagi hamkorlikni rag`batlantirish bo`yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo`jaligi sohasida 2018-2020 yillarga mo`ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi.

Shavkat Mirziyoev va Si Szinpinning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi. Unda tomonlar O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog`liq keng ko`lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Imzolangan hujjatlar, erishilgan kelishuvlar O`zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

Sharhlar

⚡️Xitoyda bir kunda 37 millionga yaqin odam COVID-19 bilan kasallandi

23.12.2022, 20:25

20 dekabr kuni bir kunda Xitoyda 37 million kishi koronavirus bilan kasallandi. Bu haqda Bloomberg agentligi Xitoy sog`liqni saqlash milliy komissiyasining yopiq yig`ilishiga tayanib xabar...
Yoqutistonda -61, Xitoyda -48, Shotlandiya vodiysida ilk bor -15, AQShda qor bo`ronlari va muzlab qolgan Moskva... Dunyo g`ayritabiiy sovuqdan aziyat chekmoqda

14.12.2022, 10:23

Rossiya hududiga, xususan, Sharq mintaqalarida g`ayritabiiy sovuqlar yaqinlashmoqda. Shuningdek, Xitoy, AQSh va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar aholisi noldan past haroratdan aziyat chekadi. Bu haqda "24-kanal"...
Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoevga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg`a qildi

21.10.2022, 13:45

Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Prexident matbuot xizmati. Davlatimiz rahbari...
"Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va u erda tinch hayotni tiklash muhim". Shavkat Mirziyoev Ostonadagi sammitda nutq so`zladi

13.10.2022, 11:20

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash VI sammitida nutq so`zladi. O`zbekiston rahbari Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1