Papua-Yangi Gvineya shahridagi “Buimo” qamoqxonasidan ommaviy tarzda 77 nafar mahbus qochdi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
Issiq izidan 3 nafar qochoq qo`lga olindi, 17 nafari qo`riqchilar tomonidan otib o`ldirildi. 57 nafar jinoyatchini qo`lga olishning iloji bo`lmadi, ular ochiqda qoldi.
Mahbuslar 12 may kuni tongda qamoqxonani tark etishgan. Polisiya bergan ma`lumotga ko`ra, mahbuslarning barchasi o`ta og`ir jinoyatni sodir etgan jinoyatchilar bo`lib, fuqarolar hayotiga jiddiy xavf soladi.
Polisiya ularni o`z xohishlari bilan orqaga qaytishga, taslim bo`lishga chaqirdi. Mamlakatdagi qamoqxonalar mahbuslar bilan to`lib-toshgan. “Buimo” qamoqxonasi 400 nafar mahbusga mo`ljallanganiga qaramay, u erda 800 nafar mahbus jazoni o`tayapti. 2016 yilda ham “Buimo” qamoqxonasidan 80 nafar mahbus qochgan edi. O`shanda ularning 11 nafari otib o`ldirilgan, qolganini tutishning iloji bo`lmagan edi. 2015 yilda ham mazkur qamoqxonadan 50 nafar mahbus qochishga muvaffaq bo`lgan.