AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev Islom taraqqiyot banki Prezidenti bilan uchrashdi

'​Shavkat Mirziyoev Islom taraqqiyot banki Prezidenti bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Islom taraqqiyot banki Prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashdi, deya xabar beradi Ar-Riyoddan O`zA maxsus muxbiri.

Uchrashuvda O`zbekiston bilan ITB o`rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy yo`nalishdagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng ko`lamli hamkorlik qilayotgani ta`kidlandi. Islom taraqqiyot banki tomonidan O`zbekistonda sog`liqni saqlash, ta`lim, irrigasiya va meliorasiya, energetika, suv ta`minoti, kommunal xo`jalik, yo`l infratuzilmalarini rivojlantirish, kichik biznesni qo`llab-quvvatlash kabi sohalarga mablag` ajratilgani buning yorqin tasdig`idir.

Hamkorlikni yanada taraqqiy ettirish, uni yangi bosqichga ko`tarish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Yangi loyihalar tuzish, sheriklik ko`lamini kengaytirish maqsadida turli darajadagi delegasiyalar almashuvi bo`yicha aniq harakat dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida insoniyat taraqqiyotiga benazir hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimizning boy diniy-ma`naviy merosini o`rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi bilan Islom taraqqiyot banki o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi hukumati va Islom taraqqiyot banki o`rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tuzish to`g`risida Anglashuv memorandumi imzolandi.

    Boshqa yangiliklar