AsosiyJamiyat

​Prezident Shavkat Mirziyoev arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi

'​Prezident Shavkat Mirziyoev arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi'ning rasmi

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti bo`lib o`tdi.

Sammitda Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlar davlat rahbarlari va AQSh Prezidenti, BMT, Arab davlatlari ligasi, Fors ko`rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi bosh kotiblari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud forum ishtirokchilarini qutlar ekan, ularning ishtiroki sammit nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.

Mazkur forum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, bag`rikenglik g`oyalarini ilgari surishi, xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, terrorizm va zo`ravonlikka qarshi birgalikda kurashish arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti kun tartibidagi asosiy masala hisoblanadi. Tinchlikka tahdidlarning oldini olish, barcha davlatlarning milliy-diniy qadriyatlari va madaniyatlarini saqlash sammit ishtirokchilari diqqat e`tiborida bo`ldi.

Bu borada mamlakatimizda mustaqillik yillarida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan va bugun izchil davom ettirilayotgan tinchlikparvar siyosat bu ezgu intilishlarga tayanch bo`lmoqda. Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli hududga aylantirilishi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash ishiga katta hissa bo`lib qo`shildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1999 yilgi Istanbul sammitida BMT huzurida terrorizmga qarshi kurashish bo`yicha xalqaro markaz tashkil etish g`oyasini ilgari surdi. 2001 yil 28 sentyabrda BMT Xavfsizlik kengashi doirasida terrorizmga qarshi kurash qo`mitasining tashkil etilgani bu g`oyaning amaldagi natijasi bo`ldi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida xavfsizlik, diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash masalalariga ham alohida e`tibor qaratilgan. Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning huquqiy bazasini, xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari o`rin olgan.

O`zbekiston ayni paytda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilmoqda. 2016 yilda Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev nutq so`zlab, ma`rifat va ta`lim bashariyat taraqqiyoti va farovonligining asosiy omillaridan biri bo`lib, insonlarni ezgulikka chorlashi, mehr-muruvvatli va sabr-qanoatli bo`lish kabi yuksak fazilatlarni tarbiyalashini qayd etdi.

Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti islom dini nufuzini yanada oshirish, davlatlar o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik aloqalarini kengaytirish, terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog` va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashda muhim omil bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar