25 may kuni respublikamizdagi barcha umumta`lim maktablarida “Xayr, maktab – salom, kollej!” tadbirlari ko`tarinki ruhda tashkil etiladi, bu haqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
“Xayr maktab - salom kollej” tadbirlari o`quvchilarning qalbi va ongiga milliy istiqlol g`oyasini, xalqimizning yuksak ma`naviyati va insonparvarlik an`analariga sadoqat tuyg`usini chuqur singdirish, ularda kelajakka ishonch, keksalarga va ustozlarga hurmat-ehtirom, Vatanga muhabat kabi tuyg`ularni shakllantirishga hamda zamonaviy kasb-hunarga ega bo`lish ishtiyoqini jonlantirishga yo`naltiriladi.
Tadbirlarda mahalla fuqarolar yig`inlari faollari, faxriy o`qituvchilar, ota-onalar, maktabning sobiq bitiruvchilari va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirok etib, o`quvchilarga yurtimizda mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari to`g`risida aniq raqamlar va dalillar keltirilgan holda jonli muloqotlar tashkil etiladi.
“Xayr maktab - salom kollej” tadbirlarida o`quv yili sarhisob qilinib, sport musobaqalari, musiqa tanlovlari, bilimlar bellashuvi va umuman maktab hayotida faol ishtirok etgan faol iqtidorli o`quvchilar hamda fidoyi o`qituvchilar taqdirlanadi.
Jumladan, o`z qobiliyati va iqtidori bilan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, turli sport musobaqalarida yuqori o`rinlarni egallab, ustozlari va ota-onalar ishonchini oqlagan o`quvchilar alohida taqdirlanadi. Shuningdek, “Eng ibratli o`quvchi”, “Eng faol o`quvchi”, “Ijodkor o`quvchi”, “Yosh ixtirochi”, “Maktabimiz faxri”, “Sport ustasi”, “Kompyuter ustasi”, “Eng orasta qiz” kabi nominasiyalar bo`yicha iqtidorli va namunali o`quvchilar taqdirlanadi.
Tadbirlar gigiena va tozalik talablari, yong`in va texnik xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda o`tkazilishi shart.