Termiz shahrida kurash bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag`ishlangan XIII xalqaro turnir bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi, mamlakatimiz kurash federasiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va Kurash xalqaro assosiasiyasi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli turnirda dunyoning ellikka yaqin davlatidan eng kuchli polvonlar g`oliblik uchun bellashdi, deb yozadi O`zA.
Xalqaro turnirda polvonlar uch vazn toifasida gilamga tushdi. Vazni 73 kilogramm bo`lgan polvonlar bellashuvida barcha sovrinli o`rinlar mamlakatimiz sportchilariga nasib etdi. Hikmatilla To`raev birinchi, Davlat Abraev ikkinchi, Suhrob Xudoyberdiev va Sherbek Abloqulov uchinchi o`rinni egalladi.
Vazni 90 kilogramm bo`lgan kurashchilar o`rtasida ham polvonlarimizga teng keladigani topilmadi. Yahyo Imomov shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. Shuhrat Arslonov kumush, Dilshod Choriev va Kamoliddin Rasulov bronza medal bilan taqdirlandi.
Xalqaro turnirning mutlaq vazn toifasi finalida surxondaryolik Abdulla Xoliyorov rossiyalik Artyom Osipenkoni mag`lubiyatga uchratib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 25 000 AQSh dollarini qo`lga kiritdi. Artyom Osipenko ikkinchi, Bekmurod Oltiboev va Baxtiyor Mengliqulov uchinchi o`rinni egalladi.
Musobaqa ishtirokchilari va mehmonlari Termiz shahridagi tarixiy yodgorliklar, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan zamonaviy inshootlar bilan tanishdi.