AsosiyJamiyat

​Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi yaxshilanadi

'​Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi yaxshilanadi'ning rasmi

Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishni ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimi faoliyatini takomillashtirishning eng muhim yo`nalishlari va O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining vazifalari belgilandi.

Farmonga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi, Katta va alohida muhim suv xo`jaligi ob`ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Kichik hajmli kemalar davlat inspeksiyasi, shuningdek, Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining Tezkor xabarlar xizmati O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o`tkazildi.

Yuqorida qayd etilgan tashkilotlarning vazirlik tizimiga o`tkazilishi munosabati bilan tinchlik va harbiy davrda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, gidrotexnik inshootlarning barqaror ishlashi, gidrometeorologik va seysmologik kuzatuvlar, kichik hajmdagi kemalardan bexatar foydalanish, suv havzalarida fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini himoya qilish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfi va omillarini oldindan aniqlash, ular vujudga kelishini barvaqt profilaktika qilish va oldini olishni ta`minlash hamda boshqa vazifalar O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yangi asosiy vazifalari etib belgilandi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu farmoni favqulodda vaziyatlar rivojlanish xavfi yuqori bo`lgan tumanlarda (shaharlarda) favqulodda vaziyatlar bo`yicha qo`shimcha bo`limlar va qutqaruv otryadlari tashkil etish orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining salohiyatini mustahkamlash va quyi bo`g`inlarini kengaytirishga qaratilgan.

Mazkur farmonga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari rahbarligida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo`yicha hukumat komissiyasi, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman shahar hokimliklari huzurida ham shunday hududiy komissiyalar tashkil etilganini ta`kidlash zarur. Ularning tarkibiga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilishni ta`minlashda ishtirok etadigan barcha darajadagi mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari kiritildi.

Quyidagilar Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo`yicha hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:

favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirishning asosiy yo`nalishlarini belgilash;

vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar shaharlar hokimliklarining vazifalarini belgilash va qaror qabul qilishi bo`yicha takliflar tayyorlash;

har yili favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan fuqaro muhofazasi (bahor mavsumida), aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish (kuz mavsumida) oyligini tashkil etish va o`tkazish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlarining avariya, halokat, tabiiy va boshqa ofatlar oqibatida jabrlangan fuqarolar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muhofaza qilish, tibbiy reabilitasiya qilish bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtirish.

Farmonni amalga oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi hamda “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorlari imzolandi.

Farmonning to`liq matni va unga sharh O`zAda keltirilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar