AsosiyJamiyat

​Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Mirzo Ulug`bek tumanida Bobur bog`i ochildi

'​Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Mirzo Ulug`bek tumanida Bobur bog`i ochildi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumanida yangi bog` ochildi. Unga buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi.

10 iyun kuni ushbu bog`ning tantanali ochilish marosimi bo`ldi. Shu munosabat bilan ushbu maskanga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, yozuvchi va shoirlar, mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, mahalla faollari taklif etildi, deb yozadi O`zA.

Maydoni 12 gektardan iborat bu ekologik bog` landshaft dizayni, suv havzalari, sport maydonchalari maxsus ekologik arxitektura-qurilish talablari asosida bunyod etilgan. Bog`da sokin va osoyishta muhit hukmron. Bu erdagi mavjud qurilmalar sog`lom turmush tarzi g`oyalari targ`ibotiga xizmat qiladi. Ochiq trenajyor maydoni, badminton, voleybol, tennis, futbol maydonchalari, velosiped yo`lakchasi, bolalar o`yingohi kichkintoylar, sportsevar o`g`il-qizlar, Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari bilan gavjum. Yoga terrasasi, bolalar maydonchasi, gulzor boqqa betakrorlik bag`ishlaydi.

Bog`ning yana bir darvozasi yonidagi kumushrang aylana shaklidagi antiqa favvorani poytaxtimizning boshqa joylarida uchratmaysiz. Bir qarashda serquyosh diyorimizga ishoradek. Afsonaviy oynaijahonni eslatuvchi bu favvora tepasidan billur tusli yomg`ir yog`ayotgandek. Tomosha maydoni pillapoyalaridan tepaga yo`l olib, yon-atrofdagi betakror manzaradan bemalol bahra olish mumkin. Bog` markazidagi mo``jaz orolcha turli madaniy-ma`rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o`tkazishga mo`ljallangan.

– Bu erning dizayn loyihasi eko-bionika uslubida ishlab chiqilgan, – deydi "Design House" dizayn-studiyasi rahbari Lyubov Safronova. – Ushbu metodika dekorasiyalarini ishlashda tabiiy shakllardan foydalanishga asoslanadi. Bog`dagi barcha qurilmalarni, suv havzasi sohillarini, maydonchalarni tayyorlashda ekologik toza qurilish materiallari – tosh, yog`och, maxsus metall simlar bilan zirhlangan toshlardan keng foydalanilgan.

Bobur nomidagi Toshkent markaziy eko bog`ining ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ishtirok etdi.

Boshqa yangiliklar