1

​Shavkat Mirziyoev odamlarni ovora qilgan sud xodimlariga munosib baho berish zarurligini qat`iy ta`kidladi

Jamiyat 14.06.2017, 09:55
Teglar: Sud, Shavkat Mirziyoev, Prezident
​Shavkat Mirziyoev odamlarni ovora qilgan sud xodimlariga munosib baho berish zarurligini qat`iy ta`kidladi

Shu yil 13 iyun kuni Toshkent shahrida sud organlari tizimida odil sudlovni ta`minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi, deya xabar beradi O`zA.

Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir, Sudyalar oliy kengashi a`zolari, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, viloyat, tuman va shahar sudlari sudyalari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali yig`ilishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari, huquq-tartibot idoralarining hududiy bo`linmalari rahbarlari, faxriylar, jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.

Davlatimiz rahbari adolat xalqimiz uchun azal-azaldan tinch va farovon hayot mezoni, barcha ezguliklar manbai bo`lib kelgani, Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Kuch – adolatda” degan hikmatga amal qilib, davlat boshqaruvini tashkil qilish, el-yurtning tinchligi va obodligini ta`minlashga erishganini qayd etib, bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etishda qonun va adolat ustuvorligini ta`minlash eng muhim vazifa bo`lib qolayotganini ta`kidladi. Bu borada davlat hokimiyatining mustaqil tarmog`i bo`lgan sud tizimining o`rni va ahamiyati g`oyat katta. Bu haqiqatni biz bugungi kunda, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko`tarishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlar jarayonida tobora chuqur his etmoqdamiz, dedi Prezidentimiz.

Yig`ilishda istiqlol yillarida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta`minlash va nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik o`zgarishlarning muhim vositasi bo`lgan institutga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Bu borada hali o`z echimini topmagan kamchilik va muammolar atroflicha tahlil qilinib, muhim amaliy xulosalar chiqarildi.

2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta`minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo`nalishlari etib belgilangan. Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishini ta`minlash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Konstitusiyamizning 7 moddasiga sud-huquq sohasidagi islohotlar bilan bog`liq prinsipial o`zgartishlar kiritilgani, sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining yangi organi – O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani bu yo`nalishdagi islohotlar izchil davom ettirilayotganining tasdig`i sifatida e`tirof etildi.

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi sud hokimiyatining fuqarolik, jinoiy, ma`muriy va iqtisodiy sudlov sohasida yagona oliy organi sifatida davr talablari asosida yangidan shakllantirilgani, odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to`g`ri kelmaydigan holat – sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo`shimcha tergovga qaytarish amaliyotiga chek qo`yilgani tizim rivoji yo`lida muhim qadam bo`lgani qayd etildi.

Ayni paytda qo`lga kiritilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmasdan, soha rivojiga tanqidiy yondashish, hayotning o`zi oldimizga qo`yayotgan bir-biridan muhim va dolzarb vazifalarni samarali hal qilish yo`llari va mexanizmlari haqida bildirilgan aniq takliflar, amaliy tashabbuslar asosida sud idoralari, sudyalar faoliyatini butunlay yangicha asosda, samarali tashkil etish lozimligiga alohida e`tibor qaratildi.

Keyingi paytda mamlakatimiz fuqarolari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga bo`layotgan murojaatlarning katta qismi aynan sud idoralari va sudyalar faoliyati bilan bog`liq ekani bu yo`nalishda ko`plab muammolar mavjudligidan dalolat beradi, dedi davlatimiz rahbari.

Sud tizimida adolat tamoyillariga nechog`li rioya qilinayotgani haqida atroflicha to`xtab o`tildi.

Asosiy maqsadimiz, dedi Shavkat Mirziyoev, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo`lgan ishonchini qat`iy mustahkamlash, sudni tom ma`noda “Adolat qo`rg`oni”ga aylantirishdan iboratdir.

Bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma`naviy fazilatlarga ega bo`lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish eng muhim vazifa bo`lib qolmoqda. Shu ma`noda o`z sohasini yaxshi bilmaydigan, puxta kasb va hayot tajribasiga, yuksak ma`naviy-axloqiy saviyaga ega bo`lmagan yurist kadrlar hech qachon sudya lavozimiga tayinlanmasligi kerak.

Yig`ilishda adolat va ma`naviyat – o`zaro chambarchas bog`liq tushunchalar ekani, ma`naviyat bo`lmagan joyda hech qachon adolat bo`lmasligi, shuning uchun ham sudyalar, yurist kadrlarni tayyorlash va sudyalik lavozimiga tayinlashda bu masalaga alohida e`tibor qaratish lozimligi uqtirib o`tildi.

Aynan ma`naviy fazilatlarning etishmasligi tufayli ayrim sudyalar o`rtasida qonunga zid harakatlar sodir etish, nopoklik, ta`magirlik, odamlarning dardu tashvishlariga loqayd qarash, adolat mezonlariga xilof ravishda qarorlar qabul qilish holatlari uchrab kelayotgani qattiq tanqid qilindi. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining sobiq rahbarlari aynan ana shunday o`ta muhim masalalarga vaqtida e`tibor qaratmagani tufayli sohada jiddiy kamchilik va muammolar vujudga kelgani afsuslanarli holat ekani ta`kidlandi. Oliy sudning yangi rahbarlari oldiga bunday kamchilik va muammolarni tezlik bilan bartaraf etish, sud organlari va sudyalar faoliyatini qonun va adolat talablari asosida samarali tashkil etish bo`yicha zarur chora-tadbirlar ko`rish bo`yicha aniq vazifalar qo`yildi.

Ayniqsa, fuqarolarning sud idoralarida sarson-sargardon bo`lishining oldini olish, ishlarni o`z vaqtida ko`rmasdan, odamlarni ovora qilgan sud xodimlariga munosib baho berish zarurligi qat`iy ta`kidlandi. Shu maqsadda ilgari surilgan muhim bir fikr – har bir sudya tomonidan aholi bilan joylarda bir oyda kamida bir marta ochiq muloqotlar tashkil etish haqidagi taklif ishtirokchilar tomonidan to`liq ma`qullandi.

Sudya lavozimida faoliyat ko`rsatayotgan sud xodimlari o`z faoliyati yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot berishi bilan bog`liq amaliyotni yo`lga qo`yish vaqti kelgani qayd etildi. Bundan buyon sudyalar faoliyatiga, birinchi navbatda, xalqning o`zi baho beradi, dedi davlatimiz rahbari. Yig`ilishda sudyalarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Prezidentimiz tomonidan bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida ixtisoslashgan o`quv muassasasi – Odil sudlov akademiyasini tashkil etish haqida bildirilgan taklif yig`ilish qatnashchilari tomonidan qo`llab-quvvatlandi.

Tadbirda yana bir muhim taklif – xalq oldida obro`-e`tibor qozongan sudyalarning hayot yo`li, odil sudlovni amalga oshirishdagi ijobiy tajribalarni ommalashtirish uchun “Sudyalar klubi” va “Sud himoyasida” ruknlari ostida markaziy telekanallar va gazetalarda muntazam ravishda turkum ko`rsatuv va maqolalar e`lon qilib borish haqida amaliy fikr ilgari surildi va yig`ilish ishtirokchilari tomonidan ma`qullandi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bu boradagi ishlarni mahalla, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislarida ko`rish ko`lamini kengaytirish, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini, jumladan, elektron sud stenografiyasi, videokonferensaloqani keng joriy etish, sud qarorlari ijrosini so`zsiz ta`minlovchi idoralararo elektron ma`lumot almashish tizimini shakllantirish, odil sudlovni amalga oshirish jarayonini doimiy o`rganib, muammolarni o`z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish masalalari ham muhokama qilinib, ularning har biri bo`yicha aniq tavsiya va amaliy ko`rsatmalar berildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tanqidiy tahlil, qat`iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik bugungi kunda davlat boshqaruvi organlarida faoliyat ko`rsatayotgan barcha insonlar qatori sudyalar faoliyatining ham kundalik qoidasi bo`lib qolishi zarurligini alohida ta`kidladi.

Yig`ilishda so`zga chiqqan sud organlari xodimlari, davlat boshqaruvi idoralari rahbarlari, jamoatchilik vakillari mamlakatimizda sud-huquq sohasi rivoji yo`lida ko`rsatilayotgan alohida e`tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, bugungi yig`ilishda har tomonlama chuqur asoslab berilgan dolzarb vazifalarni amalga oshirish borasida o`zaro hamjihatlikda, samarali ish olib borish va belgilangan maqsadlarga erishish O`zbekiston sudyalar hamjamiyati, sud-huquq tizimida xizmat qilayotgan barcha xodimlarning g`oyat mas`uliyatli va sharafli vazifasi ekanini ta`kidladi.

Sharhlar

Prezidentning Tojikistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi

19.04.2024, 18:05

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Kuni kecha O`zbekiston rahbari Prezident Emomali Rahmon...
O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi munosabatlarda yangi tarixiy davr boshlanmoqda

19.04.2024, 14:58

Dushanbega davlat tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati...
O`zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo`yicha davlat komissiyasi tashkil etildi

03.02.2023, 11:00

O`zbekiston Prezidenti “O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarini qurollantirish va mudofaa sanoati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmonni imzoladi.Hujjat bilan O`zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo`yicha...
⚡️Shavkat Mirziyoev Andijonga jo`nab ketdi

01.02.2023, 09:59

Prezident Shavkat Mirziyoev hududlar iqtisodiyoti, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga jo`nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.Ma`lum qilinishicha, tashrif davomida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1