Toshkent shahridagi barcha ta`lim muassasalari singari O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi 3-son akademik liseyida ham o`quvchilarda oliyjanoblik fazilatlarining mazmuni, mohiyati, mehr-muruvvat, o`zaro hurmat, hamjihatlik, bag`rikenglik kabi axloqiy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirishga qaratilgan “Oliyjanob inson fazilatlari”, “Kachestva blagorodnogo cheloveka” nomli o`quv kurslari hamda “Oliyjanoblik nima?”, “Chto takoe blagorodstvo?” mavzusida insholar tanlovi o`tkazildi.
Bundan tashqari, dars mashg`ulotlaridan keyin o`quvchilarda ezgu fazilatlardan biri bo`lmish oliyjanoblikni targ`ib qilish, o`quvchilarda kitobga bo`lgan qiziqishlarni yanada oshirish maqsadida guruh rahbarlari va o`quvchilar tomonidan shahrimizdagi “Kitoblar olami” va “Sharq ziyokori” kabi bir qator kitob do`konlariga sayohatlar uyushtirildi.
Kitob do`konlariga ekskursiyaga chiqqan o`quvchilar tomonidan o`zida ezgu fazilatlarni mujassam etgan 100 dan ortiq badiiy va publisistik kitoblar xarid qilindi.
Shu bilan birga, o`quv mashg`ulotlaridan keyin o`quv muassasasi hududida joylashgan “O`quvchilar turar joyi”da istiqomat qiluvchi o`quvchilar ham akademik lisey Axborot-resurs markazi o`quv zalida kitob mutolaasiga kirishib ketishdi.
Axborot-resurs markazida insoniy fazilatlarni o`zida jam etgan barcha badiiy va publisistik adabiyotlarning hammasini o`quvchilar mutolaa qilish uchun olishdi.
Shuningdek liseyda joriy o`quv yilining may oyida kitobxonlar konkursi hamda “Men sevgan asar” va “Men sevgan asar qahramoni” mavzularida insholar tanlovi o`tkazildi. Akademik lisey o`quvchilari o`rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularni milliy va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish maqsadida kitobxonlar konkursida va insholar tanlovida g`olib chiqqan o`quvchilar akademik lisey ma`muriyatining Faxriy yorlig`i hamda qimmatbaho sovg`alari bilan mukofotlandi.
Bu rag`bat o`quvchilarni bundan-da ko`proq kitob mutolaa qilishga, bundan-da ko`proq izlanishga undaydi.
O`zDJTU qoshidagi 3-son akademik liseyi Ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi S.M.Eshpo`latova