“O`zbekinvest” eksport-import milliy sug`urta kompaniyasida sug`urtaning majburiy tarlari, jumladan, transport vositalari egalarining, ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urtalash bo`yicha Kompaniya tomonidan ko`rsatilyotgan xizmatlar sifatini oshirishga bag`ishlangan seminar tashkil etildi.
Unda Kompaniya hududiy filiallarining majburiy sug`urta turlariga mas`ul xodimlari ishtirok etishdi.
Ta`kidlash kerak, sug`urta baxtsiz tasodiflar, hayotimizda uchrayotgan turli noxushliklar oqibatida ko`rilgan zararlarning o`rnini qoplash orqali fuqarolarni ijtimoiy himoya qiluvchi tizim hisoblanadi.
Mamlakatimizda o`tgan davr mobaynida fuqarolar tomonidan boshqa shaxslarning hayoti, sog`lig`i yoki mol-mulkiga etkazilgan zararlarning o`rnini qoplanishini kafolatlash maqsadida majburiy sug`urtaning bir necha turlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan. Xususan, 2008 yilda qabul qilingan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish to`g`risida”gi Qonuniga asosan YTH natijasida jabrlanuvchilar hayoti, sog`lig`i va mol-mulklariga etkazilgan zararlarning o`rnini qoplash bo`yicha majburiy sug`urta turi joriy etildi.
Jabrlanganlarning mulkiy manfaatlarini himoyalash maqsadida esa 2009 yildan boshlab mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar ishchi-xodimlarining mehnatda mayib bo`lishlari oqibatida, xodimlarning hayoti va sog`lig`iga etkazilgan zararlar o`rni qoplanishini kafolatlash bo`yicha ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish turi amaliyotga tatbiq etildi.
Shuningdek, 2015 yildan boshlab tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish turi ham amaliyotga kiritildi. Ushbu majburiy sug`urta turi tashuvchi tomonidan yo`lovchilarni tashish chog`ida ularning hayoti, sog`lig`i va mol-mulkiga etkazilgan zararlar o`rni qoplanishini ta`minlaydi.
Seminarda ushbu majburiy sug`urta turlari bo`yicha hududlarda amalga oshirilyotgan ishlar tahlil qilinib, amaliyotda uchrashi mumkin bo`lgan xato va kamchiliklarni oldini olish, ma`lumotlar bazasi bilan ishlash, sug`urta polislari savdosini amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, sug`urta da`volarini ko`rib chiqishda turli byurokratik to`siqlarni bartaraf etish kabi masalalar muhokama etildi.






