AsosiyJamiyat

​ShHT binosi oldida Hindiston va Pokiston davlat bayroqlari ko`tarildi

'​ShHT binosi oldida Hindiston va Pokiston davlat bayroqlari ko`tarildi'ning rasmi

Poytaxtimizdagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qo`mitasida 15 iyun kuni Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining davlat madhiyalari yangrab, davlat bayroqlari ko`tarildi.

Hindiston va Pokistonning ShHT a`zosi maqomiga ega bo`lgani munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda ShHT MATT Ijroiya qo`mitasi, vazirlik va idoralar, mamlakatimizda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi, deb yozadi O`zA.

ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi direktori Evgeniy Sisoev, O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Anvar Nosirov va boshqalar Shanxay hamkorlik tashkiloti o`z faoliyatida o`zaro ishonch va manfaatdorlik, maslahatlashuv, birgalikda taraqqiy etishga intilish tamoyillariga qat`iy amal qilgan holda o`tgan davr mobaynida nufuzli xalqaro tashkilotga aylanganini ta`kidladi.

ShHTning global iqtisodiy-ijtimoiy, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolarni bartaraf etishdagi, dunyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlashdagi ahamiyati va ta`siri oshib borayotgani tashkilotga a`zo bo`lish, kuzatuvchi va muloqot bo`yicha sheriklar qatoriga qo`shilish istagini bildirayotgan mamlakatlar ko`payayotganida yaqqol namoyon bo`lmoqda.

Joriy yilning 8-9 iyun kunlari Ostona shahrida o`tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida Hindiston va Pokiston tashkilot a`zoligiga qabul qilindi. Ikki davlatning ShHTga a`zo davlat maqomini olish yo`lidagi majburiyatlari to`g`risidagi memorandumlar ShHTning 2016 yil Toshkentda o`tgan sammitida imzolangan edi.

Hindiston va Pokistonning ShHT a`zosi maqomiga ega bo`lishi ko`p tomonlama hamkorlikning yangi ufqlarini ochishga, mintaqa va dunyoda tinchlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni ta`minlashda ShHT rolini oshirishga xizmat qiladi. ShHT faoliyatidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni, transport, investisiya, turizm va boshqa sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish imkonini kengaytiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar