AsosiyJamiyat

​Toshkentda Xastimom majmuasi hududida Islom madaniyati markazi barpo etiladi

'​Toshkentda Xastimom majmuasi hududida Islom madaniyati markazi barpo etiladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 15 iyun kuni Toshkent shahrida “Ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida tashkil etilgan anjumanda yana bir yirik loyihani amalga oshirish ustida ish olib borilayotganini ma`lum qildi.

“Ma`lumki, bizning mintaqamiz, avvalambor, bugungi O`zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi.

Xalqimizning ana shunday boy tarixiy, ilmiy, ma`naviy merosini har tomonlama o`rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida biz azim poytaxtimiz Toshkent shahrida O`zbekistondagi Islom madaniyati markazini barpo etishga qaror qildik.

Nega deganda, “Jaholatga qarshi – ma`rifat” shiori ostida mana shunday markazni tashkil etishni bugun davrning o`zi taqozo etmoqda.

Ushbu markazni mashhur Xastimom majmuasi hududida tashkil etish, bu erda yurtimizdan etishib chiqqan buyuk islom olimlari, alloma va mutafakkirlari, jahon madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo`shgan ulug` shoir va adiblar, rassom va xattotlarga oid boy ma`lumotlarni mujassam etish ko`zda tutilmoqda.

Markaz avvalo me`moriy va binokorlik nuqtai nazaridan nihoyatda ulug`vor, muhtasham va noyob bo`lishi lozim. Ushbu majmua o`zida nodir eksponatlarga boy muzey va kutubxonani mujassam etadi. Shu bilan birga, bu erda keng ko`lamda ilmiy-tadqiqot ishlari ham olib boriladi.

Bu maskanga tashrif buyuruvchilar bir vaqtning o`zida islom olamining o`nlab eng yorqin namoyandalarining hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo`ladi.

Masalan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Xo`ja Ahror Valiy kabi aziz-avliyolarimiz, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg`oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug`bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari alloma va mutaffakirlar, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib kabi musavvirlarning bebaho merosidan namunalar, ular tavallud topgan va faoliyat ko`rsatgan tarixiy shaharlar manzaralari turli noyob eksponatlar orqali aks ettiriladi.

Bizga vatandosh bo`lgan har bir alloma va mutafakkirning hayoti va faoliyatiga ekspozisiyada alohida bir bo`lim bag`ishlanadi.

O`zbekistonda ularning sharafiga barpo etilgan me`moriy yodgorliklar maketlari, qo`lyozma va bosma asarlar, xattotlik namunalari, o`sha davrdagi amaliy san`at buyumlari va boshqa eksponatlar shu bo`limlarda namoyish etiladi.

O`z vaqtida Sohibqiron Amir Temur bobomiz yurtimizga olib kelgan muqaddas Qur`oni karimning Usmon nusxasi mazkur muzeyning markazida nur sochib, butun zalni charog`on etib turadi.

Aziz do`stlar, fursatdan foydalanib, barchangizni ana shu savobli ishda o`z taklif va maslahatlaringiz bilan faol ishtirok etishga chaqiraman”, deya yangi loyiha xususidagi fikrlarini muhtasar qildi Prezident.

Prezidentning anjumanjda so`zlagan nutqi O`zAda to`liq keltirilgan.

Boshqa yangiliklar