Prezident Shavkat Mirziyoev kuni kecha Simpoziumlar saroyida bo`lib o`tgan anjumanda bugun jamiyatimizda uchrayotgan og`riqli masalalarni misollar bilan tilga oldi.
Xususan davlatimiz rahbari yo`lidan adashayotgan, turli oqimlarga kirib qolayotgan yoshlar muammosi, oilalardagi og`riqli holatlarga to`xtalar ekan shunday dedi:
“Ba`zi yoshlarimiz uchun mehr-oqibat, axloq-odob tushunchalari butunlay begona bo`lib borayotgani, ularda befarqlik, mas`uliyatsizlik, mehnat qilmasdan kun ko`rishga intilish kabi illatlar paydo bo`layotgani – achchiq bo`lsa-da, haqiqat.
Buning tasdig`ini ko`plab misollarda ko`rish mumkin.
Ayrim yoshlarning qisqa yoki uzoq vaqt chet elga, mehnat safariga borib kelib, o`z e`tiqodini xato deb hisoblab, bizga butkul yot bo`lgan oqimlar, g`oya va tushunchalarni olib kelayotgani ham – bor gap. Ayni haqiqat bu. Bunday holatlar barchamizni tashvishga solishi shart.
Yoki turmush qurgan yoshlar orasida hayotni engil-elpi tasavvur qilish, oila muqaddas ekanini tushunib etmaslik holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi.
Yosh oilalar orasida arzimas sabablar bilan ajralishlar ko`payib bormoqda. Begunoh bolalar etim bo`lib, mehr va e`tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolmoqda.
Yana bir noxush holatni bugun afsus bilan aytmoqchiman: oilalarda nosog`lom munosabatlar, qaynona-kelin, er-xotin o`rtasidagi janjallar, xotin-qizlarimiz orasida o`z joniga qasd qilish holatlari borligi shaxsan meni qattiq iztirobga solmoqda.
Sizlar yaxshi bilasizlar, Qur`oni karimda “O`zingizni nohaq o`ldirmangiz” deb buyuriladi. Muborak hadislarda o`z joniga qasd qilganlar hech qachon jannatga tushmasligi ham bayon qilinadi.
Shunga qaramasdan, ayollarimiz orasida o`z joniga qasd qilish holatlari barham topmayotgan ekan, biz avvalo buning sabablarini bartaraf etish haqida har tomonlama o`ylashimiz, jumladan, aholimiz, ayollarimiz o`rtasida dinimizning bu ko`rsatmalarini tushuntirishimiz lozim.”