AsosiyJamiyat

​Toshkentda avtobus haydovchisining harakati yo`lovchilar e`tirofiga sazovor bo`ldi

'​Toshkentda avtobus haydovchisining harakati yo`lovchilar e`tirofiga sazovor bo`ldi'ning rasmi

Aksariyat hollarda yo`lovchilar jamoat transporti haydovchilari ustidan shikoyat qilishganini guvohi bo`lamiz. Shu sababdanmi bu safar “Toshshahartransxizmat” AJning rasmiy saytiga joylangan xabar e`tiborimizni tortdi.

Bu safar yo`lovchilar avtobus haydovchisiga nisbatan minnatdorchilik bildirib kompaniyaga maktub yo`llashgan.

Maktub yo`lovchi Lyudmila Kozlova tomonidan yozilgan. U o`z xatida 01/992 ESA davlat raqamli, 2-avtoparkka qarashli, №63 yo`nalish avtobusi haydovchisi Akmal Ahmedov minnatdorchilik bildirgan.

L.Kozlovaning ma`lum qilishicha, 2017 yilning 19 may kuni u mazkur yo`nalishda harakatlanuvchi avtobusga chiqqan. Avtobus Yunusobod bozori yaqinidagi bekatga to`xtagach, unga birin-ketin yo`lovchilar chiqa boshlagan. Shu payt haydovchi shoshilib, salondagi o`t o`chirgichni olib, yo`l o`rtasidagi to`siqdan sakragancha, qaergadir yugurib ketgan. Avvaliga uning nega bunday qilayotganini yo`lovchilar tushunmagan. Keyin e`tibor berishsa, ko`chaning qarama-qarshi tomonidagi №82 yo`nalish avtobusi yonayotganligiga ko`zlari tushgan. Ko`chadan qancha transport vositalari, avtobuslar o`tib-qaytayotganligiga qaramay, hech kim yonayotgan avtobusga yordam berishni xayoliga keltirmagan bir paytda Akmal Ahmedov hamkasbiga ko`maklashish uchun shoshilgan.

Yongan avtobus haydovchisi yosh bo`lganligini tufayli, qanday yo`l tutishni bilmagan. Bunday paytda hech qachon motorni ko`rish uchun avtobusning orqa qismini ochish mumkin emas. Havo kirishi tufayli yong`in battar kuchayishi mumkin. Buni yaxshi bilgan Akmal motorni ochmasdan qo`lidagi o`to`chirgich bilan yong`inni o`chirishga harakat qilgan, ammo qo`lidagi o`to`chirgich kamlik qilgach, yo`lda kelayotgan № 92 avtobusni to`xtatib, uning o`to`chirgichini olgan. U avtobusda ko`tarilgan yong`inni o`chirib, salon ichidagi yo`lovchilarning hayotini saqlab qolgan. Yo`lovchi ayol Akmalning bu xatti-harakatini yuqori baholab, “Toshshahartransxizmat” AJ dan uni mukofotlashni so`ragan.

Qahramonimiz Akmal Axmedov esa o`n daqiqada yong`inni o`chirib, o`z avtobusiga qaytgan va jadvalda ko`rsatilgan vaqtdan ortda qolmay, o`z yo`lida davom etgan. Agar yo`lovchi Lyudmila Kozlova minnatdorchilik maktubini bitmaganda uning ezgu amalidan bexabar qolgan bo`lardik, deb yozadi “Toshshahartrasxizmat” kompaniyasining “Poytaxt transporti” nashri.

Boshqa yangiliklar