Toshkentda yo`l harakati qoidalarini buzgani uchun jarimalarni qasddan to`lamay yurgan jismoniy shaxslarning ro`yxati tayyorlanmoqda.
Bu haqda bizga IIV YHXBB matbuot xizmatidan xabar berishdi.
Yuridik shaxslarning shunday ro`yxati avvalroq IIV saytida e`lon qilindi.
Ikkinchi ro`yxatda 5 martadan ko`p qoida buzgan qariyb 200 kishining nomlari bo`ladi.
Ro`yxatda avtomobil egasining ismi sharifi, davlat raqami, avtomobil markasi, shuningdek fotokameralar qayd etgan qoidabuzarliklar soni ko`rsatiladi.
Ma`lum bo`lishicha, ro`yxatga Spark avtomashinalarining egalari boshchilik qilishgan.
Birinchi o`rindagi Spark 23 marta qoida buzgan (jarima 7 million so`mdan ziyod).
Ikkinchi o`rinda – mayning bir haftasidayoq 20 marta kamera tagida qoidabuzgani bilan mashhur bo`lgan Spark turibdi.
Uchinchi o`rin egasi ham 17 marta qoida buzgan (yana Spark).
Eslatib o`tamiz, foto- va videokuzatuv kameralari Toshkentda 2017 yilning 15 martidan buyon ishlaydi. Kameralar qizil chiroqqa o`tganlik va tezlikni oshirganlik uchun qoidabuzarlik qayd etadi.
YHXBB Yo`l harakati xavfsizligi va jamoatchilik tartibini saqlash boshqarmasining kompyuterlashtirilgan markazi tomonidan bir kunda o`rtacha 1000 dan ortiq qoidabuzarlik qayd etiladi.