1

​Savdo-sanoat palatasiga yangi rahbar tayinlandi

Jamiyat 20.06.2017, 16:54
​Savdo-sanoat palatasiga yangi rahbar tayinlandi

Joriy yilning 20 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining navbatdan tashqari Qurultoyi bo`lib o`tadi.

Kun tartibiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 19 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati rivojlanishini qo`llab-quvvatlash va biznesning qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni hamda “O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Qarorining mazmun mohiyati, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlaridan kelib chiqqan holda O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Ustaviga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tavsiyasiga ko`ra Savdo-sanoat palatasi Ijro etuvchi qo`mitasi raisini shuningdek, rais o`rinbosarlarini saylash masalalari ko`yldi.

Qarorda taqdim etilgan qo`shimcha huquqlar, vazifalar va vakolatlarni amalga oshirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining ma`muriy-boshqaruv tuzilmasi ham to`liq qayta ko`rib chiqildi.

O`zSSP axborot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimida 2006 yildan buyon ishlab kelgan Alisher Erkinovich Shayxov boshqa ishga o`tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan. Uning o`rniga O`zbekiston Prezidentining tashkiliy-kadr masalalari bo`yicha davlat maslahatchisi birinchi o`rinbosari va Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasi rektori Adham Ikromov tayinlandi.

Shuningdek, yuqorida ko`rsatilgan Prezident hujjatlarida belgilangan Palataning vazifalari va funksiyalari samarali, sifatli ijro etilishini ta`minlash maqsadida, Palata xodimlarining shtati uch barobarga oshiriladi (435 tadan 1649 tagacha), shuningdek ikkita yangi rais o`rinbosarlari lavozimi ta`sis etildi.

Qabul qilingan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasi kafolatlari kuchayishini ta`minlash, biznesni tashkil etish va yuritishda har tomonlama ko`mak ko`rsatish, sifatli davlat xizmatlarini taqdim etish, shuningdek biznes-muhitni takomillashtirish masalalari bo`yicha tadbirkorlar bilan axborot almashinuvining samarali kanalini joriy imkonini berib, mamlakatimizda xususiy mulk va tadbirkorlikning yanada rivojlanishi, chet el investisiyalarining keng jalb qilinishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqishiga xizmat qiladi, deya xabar beradi O`zSSP axborot xizmati.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1