O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 22 iyun kuni Farg`ona viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar beradi O`zA.
Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturida mamlakatimizning har bir hududi kabi Farg`ona viloyatini ham har tomonlama rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizasiya va diversifikasiya qilish, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, aholi hayot darajasini yuksaltirish borasida aniq reja va maqsadlar bayon etilgan edi.
Prezidentimiz Farg`onaga tashrifi davomida mazkur rejalar ijrosi, istiqboldagi loyihalar bilan tanishadi, xalq bilan muloqot qilib, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko`zdan kechiradi.