Lola Karimova-Tillaeva prodyuserligidagi “Mirzo Ulug`bek. Osmon toqiga qo`yilgan narvon” hujjatli filmi Fransiya poytaxtida ham namoyish etildi.
“Kinokartinamizni mana Parij shahrida ham kutib olishdi.
Filmning prezentasiyasi bo`lib o`tgan mashhur “Le Club 13” kinomarkazi, yarim asrdirki, Fransiya kinematografiyasining yuragi sanaladi. Dunyo kinematografiyasiga “Erkak va ayol”, “Hayot uchun yashamoq”, “Tahqirlanganlar”, “Ikkinchi imkoniyat” kabi buyuk kinofilmlarni in`om etgan afsonaviy kinorejissyor Klod Lelush kechamizning faxriy tomoshabini sifatida ishtirok etib, bu bilan bizga cheksiz iltifot ko`rsatdi.
Klod Lelush tomonidan yaratilgan bir qator kinosuratlar "Oskar", Kann festivalining “Oltin palma yaprog`i”, “Oltin Globus”, Venesiya kinofestivalining "Kichik oltin sher" kabi nufuzli kinomukofotlariga sazovor bo`lgan. O`z rejisserlik faoliyati davomida u 40dan ortiq film yaratdi.
Parij bilan bizni iliq his-tuyg`ular bog`laydi, shuning uchun ham filmning bu erdagi taqdimoti ajoyib bir do`stona muhitda o`tdi. Unda Fransiyaning kinematografiya sohasi vakillari, ijodkor doira hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Filmimiz taqdimotining afsonaviy "Le Club 13" kinomarkazida bo`lib o`tganligi men uchun juda katta sharaf va mas`uliyatdir. Turli yillarda Charli Chaplin, Stenli Kubrik, Skorseze, Vudi Allen kabi ulkan shahslar bu erga tashrif buyurganlar. Men janob Klod Lelushga kinolentamizga qiziqish bildirib, uni Parijning eng afsonaviy kinomarkazida namoyish etishga imkoniyat yaratib bergani uchun chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman”,—deb yozadi Lola Karimova Instagram`dagi sahifasida.
Ma`lumot uchun, hujjatli filmning ilk namoyishi Shveysariyaning Jeneva shahrida o`tkazilgan edi.