23 iyun kuni poytaxtdagi “Versal” restoranida ko`z ko`rib, quloq eshitmagan bitiruv kechasi o`tkazildi. Bu maktab o`quvchilari yoki kollej bitiruvchilarining xayrlashuv oqshomi deb o`ylasangiz, adashasiz. Bu tadbir poytaxtda faoliyat yuritadigan o`quv markazlaridan biri bitiruvchilari sharafiga o`tkazildi.
Bayramning bolalarga bag`ishlangan qismi soat 15:00 dan 19:00 gacha, ota-onalar uchun bag`ishlangan qismi esa 19:00 dan 23:00 gacha davom etgan. Bu haqda “Sayyod.com” xabar bermoqda.

Maktabgacha ta`lim muassasasi rahbariyatining talabiga ko`ra, onalar va bolalar bir xil libosda kiyingan bo`lishlari va hamma limuzinda kelishlari belgilab qo`yilgan. Bitiruv oqshomiga limuzinda kelish esa bolalarning ota-onasi uchun 350 ming so`mga tushgan. Bundan tashqari, barcha bolalar oliy ta`lim muassasasining magistratura talabalari kiyadigan bosh kiyimda bo`lgan.
Restoran oldiga kelib to`xtagan limuzindan bir qiz va bir o`g`il bola juftlik tarzida tushib kelgan. So`ng ular o`z ismlari yozilgan keksni eyishgan. Bir so`z bilan aytganda, hali hech kim bu qadar dabdaba bilan o`tkazilgan bog`cha bolalarining bitiruv kechasini ko`rgan emas.
Muqaddas ramazon oyida hali hayotning past-balandini tanimagan yosh bolalarni bu qadar taltaytirish, isrofgarchiligu, dabdabaga o`rgatish to`g`rimikan? Nahotki, o`quv markazi rahbariyati shular haqida o`ylab ko`rmadi?






