AsosiyJamiyat

​GM Uzbekistan faoliyatiga doir rasmiy xabarnoma taqdim etdi

'​GM Uzbekistan faoliyatiga doir rasmiy xabarnoma taqdim etdi'ning rasmi

GM Uzbekistan Ommaviy axborot vositalari vakillari va haridorlarga faoliyatiga doir rasmiy xabarnoma bergani haqida avvalroq xabar bergandik.

Xabarnomada so`nggi kunlarda bir qator elektron ommaviy axborot vositalari tomonidan GM Uzbekistan AJ faoliyatiga doir, hususan savdo tizimidagi o`zgarishlarga bag`ishlangan bir qancha maqolalar chop etilgani qayd etilgan.

Kompaniya OAVlarda chop etilgan maqolalarda keltirilgan eng dolzarb masalalargaochiqlik kiritdi.

1.Ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar narxini AQSh dollariga bog`lash iqtisodiyot sub`ektlari tomonidan keng qo`llanilib kelinayotgan amaliyot bo`lib, ko`pchilik uchun yangilik emas. Masalan, milliy aviakompaniya, mobil aloqa operatorlari, internet provayderlari, turistik firmalar o`z tovar va xizmatlari uchun tariflarini erkin konvertasiyadagi xorijiy valyutada, AQSh dollari yoki Evroda belgilaydilar. To`lovlar Markaziy bankning to`lov sanasidagi rasmiy kursi asosida milliy valyutada amalga oshiriladi.

Shu bilan birga ta`kidlab o`tish joizki, avtomobil uchun oldindan to`lovning minimal miqdori (85%) amalga oshirilgandan keyin to`lovning qolgan qismiga valyuta kursi o`zgarishi ta`sir qilmaydi va avtomobil uchun to`lov shartnoma tuzilgan kundagi kurs asosida amalga oshiriladi, ya`ni avtomobil narxi o`zgarmaydi.

2. Avtomobillar narxlari avvalambor ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladigan xarajatlardan, davr xarajatlari, moliyaviy faoliyat bo`yicha xarajatlar, soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar bo`yicha xarajatlar, shuningdek avtomobillarning minimal rentabelligining muvofiqlashtirilgan darajasidan kelib chiqib shakllanadi.

Narxlarni asoslashda hamda avtomobillarni ishlab chiqarish va sotish davomida paydo bo`ladigan xarajatlarini aniqlashda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to`g`risidagi nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilinadi.

Shu bilan birga, Hususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan tabiiy monopoliya sub`ekti bo`lgan GM Uzbekistan faoliyati ustidan, hususan avtomobil narxini belgilash hamda narxlarni kelishilgan me`yorlarini qo`llash tartibiga rioya etilishi ustidan O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq davlat nazorati amalga oshiriladi.

3. Avtomobilsozlik – bu katta miqdordagi moliyaviy mablag`, vaqt, texnik salohiyat va boshqa resurslarni talab qiluvchi ko`p o`lchovli jarayondir. Jahon avtomobil ishlab chiqaruvchilari tajribasi shuni ko`rsatadiki, xom ashyodan to tayyor mahsulot, ya`ni avtomobil ishlab chiqarilishigacha o`rtacha 3 oydan 6 oygacha vaqt talab qilinadi. E`tiborli jihati shuki, O`zbekiston asosiy dengiz marshrutlaridan uzoqda joylashgan hududlar sirasiga kiradi. O`zbekiston avtomobil sanoati umumjahon avtomobilsozlik tizimining uzviy bir qismiga aylangan bo`lib, hozirgi kunda avtomobil ishlab chiqarish uchun kerak bo`lgan muayyan turdagi xom ashyo va butlovchi qismlar dunyoning deyarli barcha qit`alarida joylashgan 20dan ortiq mamlakatlardan olib kelinadi. Ular sirasiga Janubiy Koreya, AQSh, Germaniya, Italiya, Meksika, Braziliya, Rossiya, Polsha va boshqa ko`plab davlatlar kiradi.

Ushbu omillardan kelib chiqib, tayyor avtomobilni etkazib berish muddatlari belgilanadi va o`rtacha 3 oy vaqt talab kiladi. Ishlab chiqarish jarayonlari va normativlari, logistika va boshqa omillarni hisobga olgan holda GM Uzbekistan tomonidan avtomobillarni xaridorlarga etkazib berish muddatlarni qisqartirish bo`yicha tegishli choralar ko`rilmoqda va shuning uchun ikki oylik ishlab chiqarish hajmidagi avtomobillarga shartnoma tuzilib kelinmoqda.

Albatta, korxona omborlarida bir necha oylarga etadigan darajada butlovchi qismlarni olib kelib saqlash ham mumkin. Biroq, bu o`z navbatida moliyaviy mablag`larni katta miqdorda “muzlatilishiga” va avtomobil tannarxini oshib ketishiga olib keladi. Ba`zi hollarda bunday saqlangan materiallar sifati buzilishi va yaroqsiz holga kelishi xavfi bor.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar