O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 29 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb yozadi O`zA.
Shavkat Mirziyoev suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini 60 yillik yubileyi munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.
O`zbekistonda Turkmaniston Prezidentini jahon miqyosidagi buyuk davlat va siyosat arbobi, katta hayotiy tajribaga ega, umrini o`z mamlakati farovonligi va ravnaqiga sadoqat bilan xizmat qilishga bag`ishlagan fidoyi rahbar sifatida yaxshi bilishi ta`kidlandi.
Bugun Turkmanistonda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta`minlash, infratuzilmani jadal rivojlantirish va aholi hayot darajasini yuksaltirishga qaratilgan ko`plab yirik loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi mustahkamlanib bormoqda.
Zamonaviy Turkmaniston erishayotgan barcha yutuqlar bevosita Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning nomi, puxta o`ylangan siyosati, qat`iy sa`y-harakatlari va fidokorona mehnati bilan bog`liq.
Davlat rahbarlari shu yilning mart va may oylarida Turkmanistonda o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlar chog`ida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar. Barcha darajadagi aloqalar faollashib, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qo`shma loyihalar samarali amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Prezidentlar strategik sheriklikning yuksak darajasiga erishish imkonini bergan yaqin va samarali o`zaro hamkorlik bo`yicha to`plangan tajriba ikki tomonlama aloqalarning mavjud ulkan salohiyatini ro`yobga chiqarish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qilayotganini ta`kidladilar.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatning o`zlarini qiziqtirgan dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Muloqot so`ngida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovni yubileyi bilan yana bir bor samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, baxt-saodat, davlat rahbaridek mas`uliyatli faoliyatida yangi-yangi muvaffaqiyatlar, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
Suhbat an`anaviy samimiyat va do`stona ruhda o`tdi.