AsosiyJamiyat

​Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha idoralararo komissiyaning faoliyati sarhisob qilindi

'​Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha idoralararo komissiyaning faoliyati sarhisob qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig`ilishi o`tkazildi.

Unda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni, ushbu Qonunni amalga oshirish bo`yicha muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Davlat dasturining 6 oylik ijrosi, shuningdek Idoralararo komissiyaning faoliyati sarhisob qilindi.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash har bir davlat siyosatining dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo`yadigan adolat tuyg`usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish birinchi darajali vazifa ekaniga alohida e`tibor qaratmoqda. Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo`l qo`ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to`g`risidagi qonun talablarini amalda ta`minlash bo`yicha qat`iy choralar ko`rilmoqda.Ana shu nuqtai-nazardan ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarning asosiy tamoyillaridan biri sifatida qonun ustivorligini jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa davlat organlari faoliyatida qonuniylikni ta`minlash muhim jarayon bo`lib, bundagi asosiy vazifalardan biri ‒ korrupsiya bilan bog`liq holatlarning oldini olish, unga yo`l qo`ymaslik hamda bunday salbiy illatga qarshi samarali kurash olib borishdan iborat.

Yig`ilishda Idoralararo komissiya tomonidan o`tgan davrda korrupsiyaga qarshish kurashish bo`yicha ko`plab tashkiliy-huquqiy ishlar va amaliy tadbirlar bajarilganligiga to`xtalib o`tildi.

Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish taomillarini o`z ichiga olgan 6 ta qonun loyihasi ishlab chiqilganligi hamda bir qator idoraviy huquqiy hujjatlar qabul qilinganligiga alohida urg`u berildi. Shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari hamkorlikda, bir yoqadan bosh chiqarib ish olib borayotgani tahsinga sazovor ekanligi aytib o`tildi.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar va tadbirlarni amalga oshirishda mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yayotgan ayrim davlat organlari va tashkilot rahbarlarining hisoboti eshitilib, natijasi bo`yicha ularning mazkur faoliyatdagi shahsiy mas`uliyati va javobgarligini oshirish choralari belgilandi.

Idoralararo komissiyaning yig`ilish bayoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarini o`z ichiga olgan bir qator yirik tadbirlar dasturlari hamda tegishli qo`llanmalar tasdiqlab olindi.

Yig`ilish so`ngida, korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning o`zaro tizimli hamkorligini ta`minlashning ta`sirchan mexanizmini yaratish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning o`z vaqtida va samarali ijrosini ta`minlash bo`yicha bir qator vazifalar belgilandi.

Bundan tashqari, Respublika Idoralararo komissiyasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish vakolatiga ega bo`lgan idora rahbarlariga ushbu illatga oid huquqbuzarliklarni oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo`yishga, oqibatlarini, shuningdek korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligini ta`minlash bo`yicha aniq va tizimli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan aniq ko`rsatmalar berildi.

Boshqa yangiliklar