AsosiyJamiyat

​O`rta maxsus ma`lumotli “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” davlat granti asosida o`qishga qabul qilinadi

'​O`rta maxsus ma`lumotli “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” davlat granti asosida o`qishga qabul qilinadi'ning rasmi

Bugun Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Maktabgacha ta`lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish respublika o`quv-metodika Markazida maktabgacha ta`lim muassasalari tarbiyachilari o`rtasida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2017” ko`rik-tanlovining respublika bosqichi o`tkazildi.

Tanlovdan ko`zlangan asosiy maqsad maktabgacha ta`lim muassasalaridan ilg`or, ijodkor, tashabusskor tarbiyachilarni aniqlash, ularning ijodiy faolligini oshirish, yosh avlodni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qo`shayotgan, ta`lim-tarbiya jarayonida innovasion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan tarbiyachilarning ish tajribalarini ommalashtirish, qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirishdan iborat.

Joriy yildan ilk marotaba tanlovda g`oliblikni qo`lga kiritgan o`rta maxsus ma`lumotli tarbiyachilarga tegishli oliy ta`lim muassasalariga test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat granti asosida o`qishga qabul qilish yo`llanmasi berildi.


Ko`rik-tanlov 4 bosqichda o`tkazilib, Qorakalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bo`yicha g`olib bo`lgan 14 nafar maktabgacha ta`lim muassasalarining tarbiyachilari Respublika bosqichida ishtirok etishdi.

Tanlovda ishtirok etgan tarbiyachilarning bilim va iste`dodi 3 ta shart bo`yicha sinovdan o`tkazildi. Test sinovi, o`z mutaxassisliklariga oid savol-javob va ochiq mashg`ulot olib borish kabi shartlar hakamlar hay`ati tomonidan baholab borildi.


Yakuniy natijalarga ko`ra Navoiy viloyati Karmana tumani 6-sonli maktabgacha ta`lim muassasasi tarbiyachisi Nodira Ochilova “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi - 2017” ko`rik-tanlovi g`olibiga aylandi. Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir tumani 3-sonli maktabgacha ta`lim muassasasi tarbiyachisi Genjegul Toremuratova 2-o`ringa, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 1-sonli maktabgacha ta`lim muassasasi tarbiyachisi Maftuna Boboeva 3-o`ringa loyiq deb topildi.

Tanlov g`olib va ishtirokchilari Xalq ta`limi vazirligining diplom va esdalik sovg`alari hamda Xalq ta`limi a`lochisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi.


    Boshqa yangiliklar