Prezidentning “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risidagi” farmoniga ko`ra, 2017-2018 o`quv yilidan boshlab umumiy o`rta ta`lim muassasalarida “katta etakchi” va “to`garak rahbari” shtat birliklarini tugatish hisobiga lavozim maoshi yuqori sinf o`qituvchisiga tenglashtirilgan “yoshlar etakchisi” shtat birligi joriy etildi.
O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida “yoshlar etakchisi” vazifasi yuklatilgan xodimga o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasining direktor jamg`armasi mablag`lari hisobidan oliy ma`lumotli o`qituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanadi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida yoshlarning xohish va intilishlaridan kelib chiqib, yoshlar uyushmalari hamda yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko`rsatish markazlari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etilishi Farmonda belgilab berilgan.