AsosiyJamiyat

BEMOR MUHAMMAD RAShIDOV HOLATI BO`YIChA QAShQADARYo VILOYaT SOG`LIQNI SAQLASh BOShQARMASINING RASMIY AXBOROTI

'BEMOR MUHAMMAD RAShIDOV HOLATI BO`YIChA QAShQADARYo VILOYaT SOG`LIQNI SAQLASh BOShQARMASINING RASMIY AXBOROTI'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlar va saytlarga Qashqadaryo viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazida davolanayotgan bemor Muhammad Rashidov holati bo`yicha turli axborotlar tarqatilmoqda.

Berilayotgan ma`lumotlar orasida haqiqatga zid bo`lgan faktlar ham borligi, albatta, e`tirozga sabab bo`lmoqda. Shu bois, turli mish-mishlarning oldini olish va xalqimizga eng ishonchli axborotni etkazish maqsadida bemor Muhammad Rashidov holati yuzasidan Qashqadaryo viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining ma`lumoti e`lon qilinmoqda.

Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i To`lqin RASULOV bemor Muhammad Rashidov holati bo`yicha axborot berdi. Unda shunday deyiladi:

“Bemor Rashidov Muhammad 2017 yil 14 may kuni tug`ilgan.

Viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markaziga shu yilning 10 iyun kuni “Markaziy nerv tizimining perinatal zararlanishi. Chaqaloqlar gemolitik kasalligi. Homila ichi infeksiyasi” tashxisi bilan og`ir ahvolda chaqaloqlar jonlantirish bo`limiga qabul qilingan. Shundan so`ng barcha laborator va instrumental tekshiruvlar o`tkazilgan. Reanimasion va intensiv davo muolajalari qo`llanilganiga qaramay, bemor ahvoli o`ta og`irligicha qolgan.

Oxirgi vaqtlarda bemorda qo`shimcha ravishda qorin taranglashishi, dam bo`lishi, qorinning kattalashishi, ich kelmasligi, tana haroratining ko`tarilishi, qayt qilish kabi belgilar kuzatilgan. Shundan so`ng bemor jarrohlar tomonidan qayta konsultasiya qilingan va unga “Yarali nekrotik enterokolit, yo`g`on ichak stenozi, peritonit” tashxisi ham qo`yilgan.

Bunday vaziyatda, albatta, operativ davo lozim bo`ladi. Ammo Muhammad Rashidovning ahvoli og`irligi bois, operasiya katta xavf ostida qilinishi bemor yaqinlariga tushuntirilgan. 2017 yilning 28 iyun kuni bemor Muhammad Rashidovning onasi tilxat asosida operasiyaga roziligini bildirgan. Shu kunning o`zidayoq, ya`ni soat 15:30dan bemor operasiyaga tayyorlana boshlandi. Va soat 17:00 dan 18:50 gacha jarrohlik amaliyoti bajariladi.

Ushbu amaliyotdan so`ng “Sepsis. Homila ichi infeksiyasi. Yarali nekrotik-gangrenoz total enterokolit. Yo`g`on ichaklar va ingichka ichak yaralarining perforasiyasi. Tarqalgan najasli-yiringli-fibrinli peritonit. Endotoksikoz” tashxisi qo`yiladi.

Shifokorlarning barcha amaliy choralarni ko`rishiga qaramasdan bemor ahvoli og`ir bo`lgan. Jarroh ushbu murakkab vaziyatni bemorning qarindoshlariga tushuntirgan. Shundan so`ng bemorning buvisi bolani uyga olib ketmoqchi bo`ladi. Shifokorlarning ruxsat bermasligiga qaramay, tilxat asosida 28 iyun kuni soat 19:30 da bemor Muhammad Rashidovni uyga olib ketgan.

Ta`kidlab o`tish lozimki, bemor uyiga olib ketilayotganda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidek vafot etgan emasdi, u tirik bo`lgan. Bu haqda bemorning buvisi Shahnoza Hamidova tilxat ham yozgan. Bola vafot etgani haqidagi xulosa uning yaqinlari tomonidan qilingan va bu haqda tibbiyot xodimlariga xabar berilmagan.

Bemor shifoxonadan olib ketilgan kunning o`zidayoq soat 22:30 – 23:00 larda Viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining reanimasiya bo`limiga uni yana qaytarib olib kelishgan va davo muolajalari davom ettirilgan.

4 iyul kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar jarrohi I.Karimov bemor Muhammad Rashidovning barcha tahlil natijalari va kasallik tarixi bilan tanishib, konsultasiya qildi. I.Karimov tashxis to`g`ri qo`yilgani va barcha muolajalar standart asosida olib borilganani qayd etib, qo`shimcha tavsiyalar berdi.

Hozirgi vaqtda bemor jonlantirish bo`limida. Davo muolajalari davom ettirilmoqda.”

    Boshqa yangiliklar