AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev Namanganda kovulchilikni rivojlantirish bo`yicha assosiasiya tashkil etishni taklif qildi

'​Shavkat Mirziyoev Namanganda kovulchilikni rivojlantirish bo`yicha assosiasiya tashkil etishni taklif qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Chust tumanida qurilayotgan O`simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalar ishlab chiqaruvchi zavod imkoniyatlari bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.

“Ifoda agro kimyo himoya” mas`uliyati cheklangan jamiyati o`z mablag`i va “Hamkorbank” kreditlari yordamida bunyod etayotgan ushbu zavodda qishloq xo`jaligi ekinlarini turli kasalliklardan himoya qiluvchi 28 turdagi kimyoviy preparatlar ishlab chiqarilishi ko`zda tutilgan. Korxonaning loyiha qiymati 6,5 million dollarni tashkil etadi.

Ushbu zavod ishga tushganidan keyin xorijdan keltirilayotgan kimyoviy preparatlar bilan mamlakatimizni to`liq ta`minlash, hatto xorijga eksport qilish imkoniyati paydo bo`ladi.

Prezidentimiz preparatlarni tayyorlashda ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish, mahsulotlar sifatini yaxshilash, eksportni kengaytirish zarurligini ta`kidladi.

Shu erda Namangan viloyati hududidagi past rentabelli adirlarda yong`oqzor, pistazorlar bunyod etish, paxta va g`alla maydonlarini kamaytirish hisobiga qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni ko`paytirish, kovul ekishni tashkil qilish, parrandachilik va echkichilikni rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham bo`lib o`tdi.

Davlatimiz rahbari kam hosil beradigan, zarar ko`rib ishlayotgan tumanlarda paxta va g`alla maydonlarini keskin kamaytirish, uning o`rniga yuqori daromad beradigan meva-sabzavot, poliz ekinlarini ekish lozimligini ta`kidladi. Toki odamlarimiz mehnatining rohatini ko`rsin, hayotidan rozi bo`lsin.

Mamlakatimizning ayrim hududlarida, jumladan, Namangan viloyatida o`sadigan kovul bargi, mevasi va tomir po`sti tabobatda qo`llaniladi. Turli shishlarni davolash, nafas qisishi, taloq qotishi, qurtlarni haydash, poliartrit, bo`qoq kabi kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Bu yil viloyatning 3 ming gektardan ziyod maydonida ushbu o`simlikni ekish rejalashtirilgan. Kam xarajat va oz mehnat talab qiladigan bu o`simlikdan yiliga to`rt marta hosil olish mumkin.

Prezidentimiz kovul etishtirish bo`yicha ilmiy asoslarni ishlab chiqish, eksport qilish mexanizmini yaratish, viloyatda kovulchilikni rivojlantirish bo`yicha assosiasiya tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

    Boshqa yangiliklar