"Al-Nasr" Ronaldu bilan ilk bor Saudiya chempioni bo'ldi.
41 yoshli hujumchi "Al-Nasr" safidagi ilk rasmiy sovrinini qo'lga kiritdi. Portugaliyalik yulduz jamoasi bilan Saudiya Arabistoni chempionatida g'olib bo'ldi va bu g'alaba futbolchi uchun juda hissiy kechdi.
21 may kuni "Al-Nasr" chempionat autsayderlaridan biri — "Damak"ga qarshi maydonga tushdi. Ronaldu dubl qayd etib, jamoasining 4:1 hisobidagi g'alabasiga katta hissa qo'shdi. Shuningdek, u ikki yil deganda jarimadan to'g'ridan to'g'ri gol urdi.

Bu gollardan keyin Ronaldu faoliyatidagi gollari soni 972 taga yetdi. U hozir ham 1000 gollik marra sari harakat qilmoqda.
Uchrashuvdan keyin portugaliyalik futbolchi ko'z yoshlarini yashira olmadi. U zaxiraga olinayotganda ham, final hushtagidan keyin ham hissiyotlarga berildi. Ronaldu baraban chalib, muxlislar bilan mashhur "Siu" bayramini nishonladi.

Taqdirlash marosimida u boshiga klub ro'molini bog'lagan holda maydonga chiqdi. Keyin esa orzudagi kubokni boshi uzra ko'tardi.
Shu tariqa, Ronaldu to'rtinchi urinishda Saudiya chempionligini qo'lga kiritdi.
Ma'lumot uchun, bu "Al-Nasr" tarixidagi 11-chempionlik bo'lsa, Ronaldu faoliyatidagi 8-liga g'alabasi bo'ldi. U avval Angliyada, Ispaniyada va Italiyada ham chempionlikni qo'lga kiritgan.






