AsosiyDunyo

​Yozning sovuq kelishi rossiyaliklarni depressiyaga solib qo`ydi

'​Yozning sovuq kelishi rossiyaliklarni depressiyaga solib qo`ydi'ning rasmi

Markaziy Rossiya aholisi sinoptiklarning bu yil yoz bo`lmasligi haqidagi xabaridan keyin butunlay umidsizlikka tushdi, deb xabar berdi Ntv.ru nashri.

Uralgacha bo`lgan hududlarda suv toshqini kuzatilayotgan bo`lsa, Ural ortidagi yong`inlarni o`chirishning iloji bo`lmayapti. Gapirishga erinmagan odam borki, iqlim o`zgarishi oxir zamonning alomati ekanligi haqida turli tuman mish-mishlarni tarqatmoqda. Tarixga nazar tashlaydigan bo`lsak, Rossiyada bundan 200 yil ilgari — 1816 yilda yoz bo`lmagan. Indoneziyada vulqon otilishi oqibatida Erda turli falokatlar ro`y bergan. Amerikada qor yoqqan. Evropada sovuq tufayli hosil olinmagan, ochlik va yuqumli kasalliklar tarqagan. Mollarning qirilib ketishi oqibatida nemislar velosipedni, hosildorlik bo`lmagani tufayli mineral o`g`itlarni, xitoyliklar esa tibbiyot uchun zarur, deb hisoblagan giyohvandlik moddalarini o`ylab topishgan. Bundan agar yoz bo`lmasa, yashash uchun kurashish maqsadida inson miyasi turli ixtirolarni yaratar ekan, degan xulosaga kelish mumkin.

Tabiiy ofatlar bozorda meva va sabzavot narxlarining oshib ketishiga sabab bo`ldi. Rossiyada bu yil yozda rezina etiklarning, soyabonlarning, yomg`irpo`shlarning, isitkichlarning va suv tortuvchi nasoslarning bozori chaqqon bo`ldi. Ularning qatoriga dorixonalarni ham kiritish mumkin. Odamlar ommaviy tarzda antidepressantlar, vitaminlar va shamollashga qarshi dori vositalarini katta miqdorda sotib olishdi.

Dorixona tarmoqlarining rasmiy vakili Aleksey Kiselyov-Romanov dorixonalarda oddiy grelkaga bo`lgan talab juda oshib ketganligini, 3-4 kun ichida bir oylik daromadlarini ishlab topganliklarini mah`lum qildi. Anomal sovuq aksariyat aholini ishsiz qoldirdi. Salqin ichimlik, muzqaymoq, kvas sotish bilan shug`ullangan tadbirkorlar savdo nuqtalarini yopishga majbur bo`ldi. Dam olish, cho`milish uchun mo`ljallangan plyajlar ham yopildi. Moskva shahrida yozgi liboslar kolleksiyasini sotish bilan shug`ullanuvchi moda butigi yarim million rubl zarar ko`rdi. Kun sovuq bo`lgani tufayli ular yoz fasliga mo`ljallab yaratgan liboslar hech kimga kerak bo`lmadi.

Boshqa yangiliklar