Aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedovaning Instagram sahifasiga joylashtirgan posti muhokamalarga sabab bo`ldi. Shahzoda mazkur posti orqali O`zbekiston Davlat konservatoriyasining estrada yo`nalishi bo`yicha professori, bastakor, bir necha taniqli xonandalar, jumladan Sevara Nazarxon va Sogdianalarni o`qitgan ustozi, Kumush Razzoqovaning o`chmas shlyagerlari muallifi Dilorom Omonullaevani “ruhiy kasal”, “manqurt” deb atadi.
“Konservatoriyaga xonanda Vohidjon Isoqov hujjat topshirgani borgan ekan, men ham hujjat topshirgani borib uni uchratib qoldim. U ham Dilorom Omonullaevani oldiga kirmoqchi ekan, birga kirdik. Ko`pchilik talabalar turgan ekan. Ochig`i, u ayol ertaklardagi salbiy qahramonlarga o`xshar ekan, tavba. Yoshlarga qilayotgan muomalasidan hayratlanasiz... Bu ayolning oldiga ustoz, deb kirsak teskari muomalaga duchor bo`ldik. Necha kungacha o`zimga kela olmayapman, uni muomalasidan. Bizdan tashqari yana boshqa abiturientlarga qo`pol muomalasidan hamma qo`rqyapti. Titrab hatto boshini ko`tarishga qo`rqishyapti. Rektorning oldiga kirdik , o`ta madaniyatli va mehribon inson bo`lib, bizga kerakli maslahatlarni berdi. Bu dilozor ayolga rektor oldiga kirdik, maslahatlashdik desak "Nu i chto rektor?" deb mensimay gapiryapti rektorni”,—deydi Shahzoda “Sayyod.com” bilan suhbatda.
“Kimdir gapirishi kerakku, noto`g`ri qildimmi u ayolning yoshlarni xo`rlayotganini ochiqlab? Qachongacha u yoshlarni turtkilab qo`pol muomala qilishi kerak? To`g`ri tushuntirsa bo`lardiku Konservatoriyaga musiqiy bilimi borlar kiradi, deb. Xonasini ochib haydab, baqirib, qichqirib bo`kirish nima bu? Abiturientlarga qarab "Senlar Konservatoriyaga kirishni orzu qilyapsizlarmi?" deb kulib ‘Men esa Amerikaga prezident bo`lishni xohlayman, lekin Amerika prezidenti bo`lolmayman’ dedi. Dilorom Omonullaeva ko`ksidan itarib , qo`rs muomala qilayotgan insonlar kun kelib xizmat ko`rsatgan va xalq artistlari bo`lishar balki.
Talabalardan men haqimda ovozim borligi va o`qishga kirsam eng old o`quvchilardan bo`lishimni aytib yonimni olishganida, ‘Qanaqa iqtidor? Qani?’ deb shartta pianinoda baland oktavadan olib jahl bilan musiqa chalib tashladi. Keyin pianinoni shartta yopdida ‘Sendakalar bunaqa o`qishda o`qimaydi’ deb nafaqat menga, balki boshqa o`quvchilargayam shunday muomala qildi. Chiqib boshqa eshik oldidagilargayam shunaqa baqirdi, siz ko`rmadingiz bilmadingiz, qo`rqib ketardingiz. Bir marotaba bog`cha bolalarini urayotgan video qo`ygandingiz bu ayol o`shandan ham beshbattar! Men titrab ketib yig`lab yubordim. U chalgan qo`shiqni yoddan bilardim ammo uning muomalasi va qo`rsligidan qo`rqib ketib, ‘duximni olib qo`yganiga’ ovozim qaltirab hattoki gapira olmas darajaga kelib qoldim. Meni haydab chiqardi. Koridorga chiqib meni ko`rsatib talabalarga baqirdi ‘Taniysanlarmi buni?’ deb. Talabalar qo`rqqanidan boshini egib turibdi. Taniyman, deya olmayapti.
‘Qo`rqyapsizlarmi? Tanimaysizlarmi? Bilmaysizlarmi?’ deganimdan keyin taniymiz degandek boshini qimirlatib tasdiqlashdi. Keyin u xotin menga ‘Nu i chto?’ deb baqirdi. Albatta endi talabalar va ularning onalari mening tarafimni olishmaydi, mantiqan fikrlasa tushunarli hammasi. Chunki o`sha kuni uning yonida bo`lgan xotin ham o`sha erda ishlaydi. Bilsangiz, menga xozir direktdan shaxsiy xabarlar jo`natishmoqda ‘To`g`ri qilibsiz bizniyam shunaqa yomon yig`latgan bu ayol’ deb. Yana bir talaba qiz ‘Meni xam yig`latgan, xafa bo`lmang Shahzoda opa bu shunaqa odam o`zi’ deb dalda bo`ldi. Bu ayolni vijdonsiz, xalq dushmani deya atasa ham bo`ladi. Chunki yoshlarning unib o`sishiga, qobiliyatini kerak bo`lsa dunyo sahnalarida namoyish etib O`zbekiston bayrog`ini ko`klarga ko`tarishga shay bo`lib turgan iqtidorlarni oyog`iga bolta urmoqda”,—deya so`zlarini davom ettiradi aktrisa.