O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 iyul kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.
Davlatimiz rahbari joriy yil 3 fevral kuni poytaxtimizning Sergeli tumanida bo`lib, zamonaviy uy-joylar qurish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo`yicha qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi. Bu galgi tashrifda ana shu ishlarning ijrosiga e`tibor qaratildi.
Bugun Sergeli tumanining 6-mavzesi ulkan qurilish maydoniga aylangan. Bu erda 66 ta 7 qavatli uy bunyod etilmoqda. Ular Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi. 2 ming 500 dan ziyod oila yangi uyga ko`chib o`tadi.
Mamlakatimizning barcha shaharu qishloqlarida olib borilayotgan keng ko`lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xalqimizning hayotiy muhim manfaatlarini ta`minlamoqda. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko`p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga muvofiq tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur qaror asosida qurilayotgan uy-joylar shahar aholisi, jumladan, yosh oilalar, uyga muhtoj fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta`minlashga xizmat qilmoqda.
Qarorga muvofiq, 2017-2020 yillarda mamlakatimiz shaharlarida 945 ko`p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017 yilda 191 ko`p qavatli uy barpo etilishi belgilangan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda.
Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. 6-mavzedagi 66 ta etti qavatli uy qurilishi yakunlanish arafasida. Boshqa maydonlardagi 36 ta ko`p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.
Uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan zamonaviy qilib barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, maktabgacha ta`lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va boshqa infratuzilma ob`ektlari qurilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ushbu uylardan biriga kirib, bu erda yaratilayotgan sharoitlar bilan qiziqdi.
Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta`minlash bo`yicha zamonaviy tizim yaratildi, dedi Shavkat Mirziyoev. Bu odamlarning ko`p yillik orzu-istaklarini ro`yobga chiqaradigan muhim yo`nalish. Bu ishlarni o`z vaqtida boshlamaganimizda shunday natijaga erisha olarmidik.
Sohadagi ishlarni yana bir bor tanqidiy ko`rib chiqish, odamlar hayoti uchun yaratilayotgan qulayliklarni yanada oshirish, bunda masalaning har bir jihatiga e`tibor berish zarurligi ta`kidlandi.
Qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, shaharsozlik madaniyatini rivojlantirish, massivlarda manzarali daraxtlar, gullar ekish masalalariga e`tibor qaratildi.
Shu erda Sergeli tumanini kompleks rivojlantirish bo`yicha rejalar namoyish etildi.
Shavkat Mirziyoev Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan tanishdi.
Metro jamoat transporti turlari orasida o`zining qulay, xavfsiz va tezkorligi bilan ajralib turadi. 1977 yilda Toshkentda barpo etilgan ilk metro liniyasining uzunligi 12,2 kilometr bo`lib, to`qqiz bekatdan iborat edi. O`zbekiston va Yunusobod yo`nalishlari bilan Toshkent metropoliteni rivojlantirildi va uzunligi 39 kilometrga, bekatlari soni 29 taga etdi.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, Sergeli tumanida metro qurish o`ta murakkab jarayon. Shu bois mazkur yo`nalishdagi metro er usti bo`ylab, estakadalar orqali tashkil etiladi. Chilonzor yo`nalishining Olmazor bekatidan boshlanadigan Sergeli yo`nalishida olti bekat bunyod etiladi.
2017-2020 yillarga mo`ljallangan mazkur qurilishga 170,1 million dollar sarflanadi. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur inshoot to`liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo`lovchiga xizmat ko`rsatishi mo`ljallanmoqda. O`ziga xos muhandislik echimlari asosida bunyod etilayotgan transport yo`li Choshtepa mahallasidan o`tib, Sergeli tumanining Yo`ldosh mavzesidagi Mag`rib ko`chasigacha boradi.
Shavkat Mirziyoevga Toshkent metropolitenining Yunusobod yo`nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ham ma`lumot berildi. Bugun mazkur yo`nalishning Turkiston bekatida poydevor quyish ishlari olib borilmoqda.
Yangi qurilayotgan metro bekatlarining dizayni, devorlariga ishlatiladigan qurilish materiallari, tasvirlardan namunalar namoyish etildi.
Bekatlar shinam, yorug` va go`zal bo`lishi, bu bo`yicha yosh dizaynerlar o`rtasida tanlov o`tkazish kerak, dedi Prezidentimiz.
Sergeli tumanidagi Qipchoq ko`chasi aholi va transport harakatiga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy qilib kengaytirilmoqda. Ushbu ko`chaning temir yo`l bilan kesishgan joyida uzunligi 1011, eni 28 metr bo`lgan yo`l o`tkazgich qurilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoev mazkur inshoot loyihasi bilan tanishdi.
Yo`l o`tkazgich ko`chadagi tirbandlikni bartaraf etib, avtomobil va poezdlar harakati xavfsizligini ta`minlaydi. Qipchoq ko`chasi Yangi Sergeli aylanma yo`li bilan Toshkent xalqa avtomobil yo`lini bog`lab, transport harakati uchun qo`shimcha qulayliklar yaratadi.
Shu erda obodonlashtirish ishlariga ixtisoslashgan yangi mashinalar namoyish etildi.
Prezidentimiz «Pallada investment» qo`shma korxonasiga tashrif buyurdi.
Bu erda Evropa texnologiyasi asosida «Imzo-Akfa» brendi ostida 20 dan ortiq turdagi romlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar Qozog`iston, Qirg`iziston va Afg`onistonga eksport qilinmoqda. Korxonada mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda.
Shavkat Mirziyoev korxona laboratoriyasi, ishlab chiqarish sexlarini ko`zdan kechirdi. Korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi mahsulotlarni o`zlashtirish, eksport ko`lamini kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahri atrofida tezyurar elektrichka qatnovi yo`lga qo`yiladi. Davlatimiz rahbari ushbu temir yo`l qurilishi loyihasini ko`zdan kechirdi.
Elektrichka ikki yo`lli bo`ladi. Kanallar va ko`chalar kesishgan joydan estakadalar orqali olib o`tiladi.
Prezidentimiz mamlakatimizda bu yangi soha ekani, uni loyihalashtirishda ilg`or xorij tajribasini o`rganish, shu sohaga ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb etish zarurligini, eng asosiysi, bironta ham uy buzilmasligi kerakligini alohida ta`kidladi.
Asosiy maqsadimiz – odamlarga barcha zarur qulayliklarni yaratish, dedi Shavkat Mirziyoev. Bu yo`lni boshqa yo`llar bilan oqilona bog`lash orqali shahar transporti yuklamasini 30-40 foizgacha engillashtirish mumkin. Yo`nalish va bekatlarni aholining talab va ehtiyojlari, shu bilan birga, shaharning kelgusi rivojlanishini inobatga olib loyihalashtirish zarur.