O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.
Metro jamoat transporti turlari orasida o`zining qulay, xavfsiz va tezkorligi bilan ajralib turadi. 1977 yilda Toshkentda barpo etilgan ilk metro liniyasining uzunligi 12,2 kilometr bo`lib, to`qqizta bekatdan iborat edi. O`zbekiston va Yunusobod yo`nalishlari bilan Toshkent metropoliteni rivojlandi va uzunligi 39 kilometrga, bekatlari soni 29 taga etdi.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, Sergeli tumanida metro yo`lini qurish o`ta murakkab jaryon. Shu bois mazkur yo`nalishdagi metro er usti bo`ylab, estakadalar orqali tashkil etiladi. Chilonzor yo`nalishining Olmazor bekatidan boshlanadigan Sergeli yo`nalishida oltita bekat bunyod etiladi.
2017-2020 yillarga mo`ljallangan mazkur qurilishga 170,1 million dollar sarflanadi. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur inshoot to`liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo`lovchiga xizmat ko`rsatishi mo`ljallanmoqda. O`ziga xos muhandislik echimlari asosida bunyod etilayotgan transport yo`li Choshtepa mahallasidan o`tib, Sergeli tumanining Yo`ldosh mavzesidagi Mag`rib ko`chasigacha boradi.
Qurilishda foydalanilayotgan texnika turlariga alohida e`tibor berish kerakligi ta`kidlandi. Bundan tashqari geologiya masalalari ham diqqat markazida bo`lishi kerak.
Davlatimiz rahbari yangi qurilayotgan er usti metrosi yonidan o`tadigan ko`cha atrofida ikki va uch qator daraxt va gullar ekilishi lozimligini ta`kidladi.
Shavkat Mirziyoevga Toshkent metropolitenining Yunusobod yo`nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ham ma`lumot berildi. Bugun 2017-2019 yillarga qurib bitkazilishi ko`zda tutilgan mazkur yo`nalishning Turkiston bekatida poydevor quyish ishlari olib borilmoqda.
Yangi qurilayotgan metro bekatlarining dizayni, devorlariga ishlatiladigan qurilish materiallari, tasvirlardan namunalar namoyish etildi.
Prezidentimiz bekatlar shinam va yorug` bo`lishi lozimligini alohida ta`kidladi. Yosh dizaynerlar o`rtasida tanlov o`tkazish kerak, dedi.