AsosiyJamiyat

​Prezident Sergelidagi uy-joylar qurilishi bo`yicha o`z ko`rsatmalarini berdi

'​Prezident Sergelidagi uy-joylar qurilishi bo`yicha o`z ko`rsatmalarini berdi'ning rasmi

Bugun Sergeli tumanining 6-mavzesi ulkan qurilish maydoniga aylangan. Bu erda 66 ta 7 qavatli uy bunyod etilmoqda. Ular Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi. Mazkur turar joylar tufayli 2 ming 500 dan ziyod oila yangi uyga ko`chib o`tadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 10 iyul kuni mazkur uy-joylar qurilishi bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.

Mamlakatimizning barcha shaharu qishloqlarida olib borilayotgan keng ko`lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xalqimizning hayotiy muhim manfaatlarini ta`minlamoqda. Davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko`p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga muvofiq tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qaror asosida qurilayotgan uy-joylar shaharda yashayotgan aholini, jumladan, yosh oilalar, uyga muhtoj fuqarolarni arzon, qulay, zamonaviy uy-joylar bilan ta`minlashga xizmat qilmoqda.

Qarorga muvofiq, 2017-2020 yillarda mamlakatimiz shaharlarida 945 ko`p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017 yilda 191 ko`p qavatli uy qurilishi belgilangan. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda.

Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. 6-mavzedagi 66 ta etti qavatli uy mustaqilligimizning 26 yilligi bayrami arafasida o`z egalariga topshiriladi. Boshqa maydonlardagi 36 ta ko`p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.

Uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan zamonaviy qilib barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, maktabgacha ta`lim muassasalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari va infratuzilmaning boshqa ob`ektlari qurilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz ushbu uylardan biriga kirib, bu erda yaratilayotgan sharoitlar bilan qiziqdi.

Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta`minlash bo`yicha zamonaviy tizim yaratildi, dedi Shavkat Mirziyoev. Bu odamlarning ko`p yillik orzu-istaklarini ro`yobga chiqaradigan muhim yo`nalish. Bu ishlarni o`z vaqtida boshlamaganimizda shunday natijaga erisha olarmidik.

Davlatimiz rahbari sohadagi ishlarni yana bir bor tanqidiy ko`rib chiqish, odamlar hayoti uchun yaratilayotgan qulayliklarni yanada oshirish, bunda masalaning har bir jihatiga e`tibor berish zarurligini ta`kidladi.

Qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini kuchaytirish, massivlarda manzarali daraxtlar va gullar ekish, shaharsozlik madaniyatini rivojlantirish masalalariga e`tibor qaratildi. Bu erga ko`chib keladigan aholining dunyoqarashini boyitish va mas`uliyatini oshirish, ayollar va yoshlar uchun ish joylari tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Shu erda Sergeli tumanini kompleks rivojlantirish bo`yicha istiqboldagi rejalar namoyish etildi.

Boshqa yangiliklar