Shu yilning 6 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida sog`liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag`ishlangan navbatdagi videoselektor yig`ilishda ham birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini, ayniqsa, patronaj ishlarini talab darajasida tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Shu maqsadda mamlakatimiz Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hamda “Toshkent shahar aholisiga ko`rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorlari qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar aholini sifatli va tezkor birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bilan yanada kengroq qamrab olish, ixtisoslashgan tibbiy yordamni viloyatlar aholisiga yaqinlashtirish, kasalliklarning oldini olish va erta bosqichlarda aniqlash, kasallanish darajasini pasaytirish, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish orqali salomatlik ko`rsatkichlarini yanada yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtimiz tumanlariga tashrif buyurganda ham tibbiyotning birlamchi bo`g`iniga alohida e`tibor qaratib kelmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari Shayxontohur tumanida bo`lganda aholiga malakali tibbiy-sanitariya yordami ko`rsatish bo`yicha namunali oilaviy poliklinikani aynan shu tumanda tashkil etish taklifini kiritgan edi.
Ushbu tashabbus soha mutasaddi xodimlari tomonidan qo`llab-quvvatlandi. Sog`liqni saqlash vazirligi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda darhol qo`shma reja ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi. Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika faoliyati tahliliy o`rganildi va mazkur maqsad uchun tanlandi.
Poliklinika Chaqar, Chorsu, Qoratosh, Gulbozor mahallalarini qamrab olgan bo`lib, 26 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko`rsatib kelmoqda. Shuningdek, hududda joylashgan uchta maktab, bitta kollej va to`rtta bog`chaga ham 47-oilaviy poliklinika birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko`rsatadi. Ushbu vazifani poliklinikada faoliyat yuritayotgan kardiolog, endokrinolog, ginekolog, nevropatolog, okulist, otolaringolog, stomatolog kabi tor mutaxassislar hamda 15 nafar umumiy amaliyot shifokori va 32 nafar patronaj hamshira sidqidildan bajarib kelmoqda. Bundan tashqari, poliklinika zamonaviy tibbiy texnikalar, xususan, UTT, EKG, rentgen apparatlari bilan jihozlangan.
Prezidentimiz topshirig`idan so`ng, qisqa vaqt ichida poliklinika faoliyati qayta ko`rib chiqilib, tubdan isloh qilindi. Bunda asosiy e`tibor aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samarasini yanada yaxshilash, shifokor qabuliga kirish uchun navbatlarni qisqartirish, kasalliklarni erta aniqlash va patronaj ishlarini o`z vaqtida maqsadli olib borish, shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmatini samarali tashkil etishga qaratildi.
Ayni damda Shayxontohur tumanidagi 47-oilaviy poliklinika faoliyati havas qilsa arzirli darajaga etgan. Tibbiyot muassasasiga kirishdanoq poliklinika faoliyatining asosiy mezoni xalq roziligi ekanini anglash mumkin. Bunday deyishimiz bejiz emas. Sababi bu erda yaratilgan barcha shart-sharoitlar zamirida, avvalo, aholiga qulaylik yaratish maqsadi mujassam.
Poliklinikaga tashrif buyuruvchi e`tibori avvalo kirishda osilgan o`ziga xos ranglardagi ma`lumotlar taxtasiga tushishi tayin. Aynan ushbu ma`lumotlar orqali qaysi ixtisoslikdagi shifokor nechanchi xonada qabul qilishi, ish vaqti va qabul kunlari bilan tanishish mumkin. Shuningdek, har bir xonadonga quyidagi ma`lumotlarni o`zida jamlagan tashrif qog`ozlari tarqatildi:
E`tiborli tomoni, tashrif qog`ozida shifokor va hamshiralar surati ham bo`lib, bu fuqarolar uchun yana bir qulaylik bo`ldi. Tan olish kerak, ilgari ba`zi hamyurtlarimiz o`z oilaviy shifokori yoki hamshirasini tanimasdi. Endilikda, mutaxassislarning telefon raqamlari suratlari bilan birga tarqatilib, aholi va tibbiyot xodimi orasidagi aloqa mustahkamlanmoqda.
Aytaylik, bemor shifokor qabulida bo`ldi, unga tashxis qo`yilib, muolajalar o`tkazildi. Bunday vaqtda shifokor tashxisi va o`tkazilgan muolaja bemorning ambulator kartasida qayd etiladi. Endi esa, poliklinikada elektron ambulator karta yuritila boshlandi. Har bir ma`lumot onlayn tarzda kiritiladi. Bu esa, inson omili bilan bog`liq ayrim hodisalar, masalan, ambulator kartaning yo`qolishi, ba`zi sahifalarining tushib qolishi kabilarning oldini oladi. Bundan tashqari, mutaxassislar faoliyatida ham samaradorlik paydo qiladi.