Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida ketma-ket ettinchi kun toqqa yolg`iz jo`nab ketgan poytaxtlik fuqaroni izlash ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, 5 iyul kuni Toshkent viloyati favqulodda boshqarmasining navbatchilik qismiga Snejana ismli ayoldan uning eri Boris Chimyonda yo`qolganligi haqida xabar kelib tushdi. Ma`lum bo`lishicha, eri unga qo`ng`iroq qilib, oyog`ini sindirib qo`yganligini, FVVdan yordam so`rashini aytgan.
Tezlik bilan qutqaruv guruhi tomonidan qidiruv ishlari boshlab yuborildi.
FVVdan bizga ma`lum bo`lishicha, qidiruv ishlarini omadsiz deb aytish mumkin. Ayni damda qidiruv guruhida 30 kishidan iborat FVV, IIB, xodimlari, ko`ngillilar, alpinistlar qidiruv ishlarini olib borishmoqda.
50 yoshli Borisni olib yurgan taksichi uni Qumli dovon oldiga olib borib qo`yganini ma`lum qildi. Aniq koordinatalar telefon qo`ng`irog`iga qarab aniqlandi.
Mutaxassislarning aytishlaricha, Qumli dovonning 10 km radiusidagi barcha erlar qidirib chiqilgan, sharsharaga tushib ketishi mumkin bo`lgan izlar yo`q. Yirtqichlarning hamlasi ehtimoli juda kam, sababi bu holda kiyim qoldiqlari qolishi kerak.
Ta`kidlash joizki, Qumli dovon u qadar qiyin va yurish murakkab bo`lgan joy emas. U erda sayyohlar ham juda ko`p. O`sha erdagi sayyohlar, cho`ponlar va o`rmonchilar so`ralgan, ammo ularning hech biri erkakni ko`rmagan. Ilk kuni qidiruv ishlariga Mudofaa vazirligining vertolyoti ham qo`shilgan, ammo bu natija bermadi.
Borisning yaqin tanishlarining yozishlaricha, u oilaparvar, besh farzandning otasi bo`lgan. Shu kuni erkak katak ko`k-oq tusdagi ko`ylakda, jinsi shim, qizil bosh kiymida bo`lgan.
FVVda bizga qidiruv ishlari dam etishini ma`lum qilishdi.






