1

BEGONALARNING MUSIBATIGA BEFARQ BO`LMAGAN INSONLAR

Dunyo 15.07.2017, 11:42
BEGONALARNING MUSIBATIGA BEFARQ BO`LMAGAN INSONLAR

Hamma narsadan hafsalangiz pir bo`lib, dunyo tanazzulga yuz tutgan degan taasurot uyg`onsa, unutmangki, hali olamda sizga yordam qo`lini cho`zadigan insonlar talaygina, deb yozadi Adme.ru nashri.

Quyida birovlarning kulfatiga bee`tibor bo`lmagan, ularga qo`lidan kelgancha ko`maklashgan odamlar haqida ma`lumot beramiz.

O`qituvchi o`quvchisini qo`llab-quvvatlash maqsadida sochini oldirdi

11 yoshli Jekson Jonston (Jackson Johnston) saraton bilan kurashayotgan buvasini qo`llab-quvvatlash maqsadida sochini oldirdi. Ammo uning bu harakatini sinfdoshlari tushunmay, Jeksonning ustidan kulishdi. Bolaning noqulay ahvolga tushganini ko`rgan o`qituvchisi uni qo`llab-quvvatlash maqsadida sinfdoshlarining ko`z o`ngida sochini olib tashlashni so`radi. O`qituvchi o`zining bu xatti-harakati bilan barchaga o`rnak bo`ldi.


Sartarosh qiynalganiga qaramay, autizmga chalingan bolaning sochini oxirigacha oldi


16 yoshli, autizm kasalligidan aziyat chekuvchi Evan O’Dvayer (Evan O’Dwyer) sartaroshxonada o`zini noqulay his qilib, shartta o`rnidan turgancha, oilaviy mikroavtobus tomon chopdi. U avtomashina ichidagina o`zini bexavotir his qilardi.

Sartarosh Donchi O’Konnella (Donncha O’Connell)ning shundan keyingi xatti-harakati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida katta taassurot qoldirdi. U barcha asbob-anjomini ko`targancha, Evan o`tirgan avtomobil tomon yo`l oldi. Sartarosh Evanning akasi yordamida avtomashina ichida o`z ishini yakunlab, xotirjam ravishda uyiga yo`l oldi.

Omadi chopgan dasturchi qari va kasal itlarni qutqardi

Hindistondagi IT-kompaniya asoschisi bo`lgan Rakesh Shukla (Rakesh Shukla) dabdabali hayot kechirishiga qaramay, o`zini juda baxtsiz his qilardi. 2009 yilda uyiga yarador itni olib kelgandan keyin hayoti tubdan o`zgardi. Shundan keyin u ko`chada uchragan har bir daydi itni uyiga olib kelishni odat qildi. Itlarning soni ko`payib ketgach, dasturchi itlar bemalol sayr qilishlari uchun er va ferma sotib oldi. Ayni paytda uning 700 dan ortiq iti bor. Fermada 10 nafar ishchi ishlaydi. Rakeshga esa “Itlarning otasi”, degan nom berildi. “Itlar qarib, kasal bo`lgandan keyin mendan boshqa hech kimga kerak emas. Ularning ozgina bo`lsa-da, azoblarini engillashtirish maqsadida itlarning so`nggi boshpanasini yaratishga qaror qildim”, deydi Rakesh.

Axlat tashuvchi tashlandiq kitoblardan kutubxona yaratdi

Kimdir hayvonlarni, yana kimdir boshiga musibat tushgan insonlarni qutqarsa, Kolumbiyada yashaydigan, axlat tashuvchi Xose Alberto Gutierrez kitoblarni qutqaradi. Bundan 20 yil ilgari u axlat qutidan Lev Tolstoyning “Anna Karenina” asarini topib olib, saqlab qo`ydi. Uning axlat qutilardan yiqqan kitoblari soni 25 mingtaga etgach, Gutierrez bepul kutubxona tashkil qildi. U shaharda “Kitoblar hukmdori” deb nom qozongan.

Bola do`stiga parik yasash uchun 2 yil mobaynida soch o`stirdi

Gabbi alopesiya (soch to`kilishi) kasalligiga chalinganda 4 yoshda edi. Shundan beri qizaloq bosh kiyimida yurishga majbur bo`lib, o`zining ahvolidan juda ham uyalardi. Gabbi Tayler bilan tanishgach, yangi do`sti uning onasidan qanday yordam bera olishi haqida so`radi. Onaning javobidan so`ng Tayler hech qachon Gabbining sochi o`smasligini tushundi va uning o`rniga o`zining sochini o`stirishga qaror qildi. Parik uchun zarur bo`lgan 25 santimetr sochning o`sishi uchun 2 yil vaqt ketdi. Oilaning kattalari kichkina bolaning bu ulkan ishidan hayratga tushdi.

Ayol do`stiga bir buyragini berish uchun 18 kilogrammga ozdi

32 yoshli Rebekka Seydro (Rebekah Ceidro) do`sti va sobiq hamkasbiga buyrak ko`chirib o`tqazish kerakligini eshitganda 90 kilogramm vaznga ega edi. Do`stiga buyrak zarurligini eshitgan Rebekka o`ylanib o`tirmay, unga bir buyragini berishga qaror qildi. U donorlik uchun mos kelsa-da, kamida 8 kilogrammga ozishi lozim bo`ldi. Shundan keyin Rebekka hayot tarzini o`zgartirib, har kuni yuguradigan, jismoniy mashqlarni bajaradigan bo`ldi. Oradan bir yil o`tgach, u 8 kilogramm emas, balki 18 kilogrammga ozdi. Buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyasi 2017 yilning kuz oylariga belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1