Bugun, 15 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkentning Yunusobod tumaniga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.
Shavkat Mirziyoev mazkur tashrif chog`ida Bo`zsuv kanali bo`yida barpo etiladigan Adabiyot bog`i loyihasi bilan tanishdi.
Bog`da kitob o`qish uchun maxsus joylar, favvoralar, amfiteatr, ko`rgazma pavilonlari, sport va sog`lomlashtirish zonalari, kamonchilar va havaskor baliqchilar klublari tashkil etiladi, zamonaviy attraksionlar o`rnatiladi. Bog` hududga tutash Shahidlar xotirasi xiyoboni bilan o`zaro uyg`unlik kasb etadi.
Shavkat Mirziyoev bu erni madaniyat va ma`naviyat maskaniga aylantirish, yoshlar, kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Bog`ni barpo etishda tabiiy relefdan oqilona foydalanish, turli daraxt va gulzorlarni ko`paytirish zarurligini ta`kidladi.






