O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 iyul, shanba kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi. Tumanda bu tashrifga so`nggi tayyorgarlik ishlari bir necha kun avval boshlangan edi. “Daryo” nashrining yozishicha, Yunusobod dehqon bozoridagi go`sht narxining birdan arzonlashishi ham tayyorgarlikning bir qismi bo`ldi.
Yunusobod dehqon bozorida bir kilogramm mol go`shti 21 ming so`mdan sotilayotgani haqida gap-so`zlar paydo bo`lganiga bir necha kun bo`ldi. 15 iyul kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda go`shtga navbatda turgan odamlarning suratlari e`lon qilindi. Foydalanuvchilarning bir guruhi mazkur vaziyatdan foydalanib qolish zarurligi haqida gapirayotgan bo`lsa, boshqalar fikrlashga chorlamoqda.
“Toshkentning hech bir joyida hozir 21 ming so`mdan go`sht topib bo`lmaydi. Shaharda bir kilogramm mol go`shtining standart narxi, suyakli bo`lsa — 35 ming so`mdan, suyaksiz lahmi esa 38—40 ming so`mdan kam emas. Yirik supermarket tarmoqlarida go`sht 45—47 mingdan sotilmoqda. Lekin Prezidentning tashrifi arafasida Yunusobod bozorida go`sht 21 ming so`m qilib qo`yildi…
Nega bozorlarimizda hanuzgacha tartib yo`q? Qachongacha bu hol davom etadi? Qachongacha bir-birimizni aldab yuramiz? Qachongacha faqat katta reydlar bo`lganida vaqtdan foydalanib, ikki-uch soat navbatda turib (shunda ham, ulgursak), bozor qilishimiz kerak?”,—deydi Facebook’dagi «Maslahat.uz» guruhi foydalanuvchisi
Ba`zi foydalanuvchilar mazkur vaziyatda qassoblarni ayblagan. Biroq boshqalar qassoblar o`z zarariga go`sht sotmasligini uqtirishga uringan. «Bu erda gap qassoblarda emas, go`shtni 21 ming so`mdan sotishga qassoblarni majbur qilgan odamlarda. O`sha odamlar go`sht narxini o`zgartirib, kelib-kelib Prezidentimizni aldamoqchi bo`lyapti», — deb yozadi foydalanuvchilardan biri.
«Nahotki shu ko`zbo`yamachiliklardan Shavkat Mirziyoevning xabari bo`lmasa? Bu birinchi holat emas. Biror kattakon keladigan bo`lib qolsa, o`sha joy darhol obod va arzonchilik bo`lib qoladi», — deb yozadi boshqa bir foydalanuvchi.
Ayni vaqtda, go`sht narxining 40 minggacha ko`tarilib ketishi emning qimmatligi bilan bog`liqligini ta`kidlaganlar ham bor. «Go`sht narxini tushirish osondek gapirasizlar. Buning uchun em narxini tushirish kerak. Bir mahsulot qiymati boshqa tarkibiy mahsulotlar bahosiga bog`liq», — deb yozgan foydalanuvchilardan biri.
«Qassob molni qimmatga olganidan keyin, go`shtni ham qimmat sotadi-da. Majburlab teng yarim bahosida sottirishsa, qassob: ‘Osh bo`lsin!’, deb sotganiga shubham bor», — degan boshqa foydalanuvchi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq «O`zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi mamlakatda go`sht narxining oshishi ikki omilga bog`liqligini, omillardan biri em narxining oshishi ekanini ma`lum qilgan edi.