Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash, sodir etilishi mumkin bo`lgan ko`ngilsiz holatlarning oldini olish, qoidabuzarliklar sonini kamaytirish Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatining doimiy vazifalari hisoblanadi. Albatta, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash o`zo`zidan amalga oshib qoladigan ish emas. Bu sohani takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy va xizmat tayyorgarligini hozirgi kun talablariga mos ravishda yuksaltirish, harakat ishtirokchilarining harakatlanish madaniyatini oshirish singari ko`plab ishlarni amalga oshirishni talab etadi.
Bugun hayotimizning turli jabhalariga kirib kelayotgan yangiliklar, o`zgarishlar, axborot-kommunikasiya texnologiyalari davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatida muayyan o`zgarishlarni taqozo etmoqda. Ana shundan kelib chiqqan holda, hozirgi kunni bemalol tub o`zgarishlar davri, deb atasak bo`ladi. Ayniqsa, Prezidentimizning ichki ishlar organlari tizimiga alohida e`tibor qaratayotgani, sohani isloh qilish yuzasidan qator hujjatlar imzolagani buning isbotidir, deyiladi IIV rasmiy saytida.
Xabaringiz bor, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlashda ularning mas`uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmonida Ichki ishlar vazirligining barcha sohaviy xizmatlari faoliyatini tubdan qayta ko`rib chiqish vazifasi yuklatilgan edi. Ana shu Farmon talablariga muvofiq, shuningdek, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida shu yil 11 iyulda Prezidentimiz tomonidan sohaga taalluqli yana bir muhim hujjat imzolandi.
«Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi ushbu qaror sohaviy xizmat xodimlari zimmasiga bir qator hayotiy muhim vazifalarni yukladi. Jumladan, qarorda yo`l harakati xavfsizligi respublika, o`rta va quyi bo`linmalari faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibini o`rnatish, bunda ularning asosiy vazifalari va funksiyalari aniq belgilanishi va taqsimlanishi, rahbarlar va xodimlarning o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun shaxsiy javobgarligini nazarda tutish birinchi galdagi vazifa qilib belgilandi. Shuningdek, yo`llarda, ayniqsa, Toshkent shahrida yo`l-transport hodisalari sodir etilishi va tirbandlikning hosil bo`lishiga imkoniyat beruvchi sabab va shart-sharoitlarni tizimli ravishda kompleks tahlil qilish va ularni bartaraf etish asosida yo`l harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi tizimini takomillashtirish zarurligi qarorda o`z aksini topdi.
Barchaga ma`lumki, Toshkent shahridagi 115 ta chorrahaga videokuzatuv moslamalari o`rnatilgan edi. Yangi tizim shu yilning 15 mart kunidan e`tiboran ishga tushirildi. Bundan Toshkent shahri ko`chalarida yo`l harakati xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar yordamida ta`minlash maqsadi ko`zlangan. Buning uchun nazorat qilinadigan har bir ob`ekt – chorraha harakatni nazorat qiluvchi, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlovchi zamonaviy texnik vositalar, intellektual detektorlar, kontrollerlar, videokameralar bilan jihozlandi.
Chorrahalardan olingan barcha ma`lumotlar Markaziy dispetcherlik xizmatiga uzatiladi va bu erdagi elektron tablo hamda videomonitorlarga chiqariladi. Tizimga kiritilgan chorrahalardagi svetoforlar ham detektorlardan harakat oqimi to`g`risida olingan ma`lumotlarni qayta ishlash orqali avtomatik tarzda boshqariladi. Qolaversa, svetoforlar ish faoliyatini optimallashtirish natijasida yo`llarning o`tkazuvchanlik qobiliyati oshiriladi. Natijada transport vositalarining chorrahalar oldida to`xtab turishini 20–25 foizga, transport vositalari dvigatellaridan chiqayotgan zaharli gazlarning 5–10 foizga, yonilg`i sarfini 5–15 foizga kamayishi hisobiga shahardagi ekologik holat ancha yaxshilanadi.
Yana shuni ham ta`kidlash zarurki, chorrahalardagi vaziyatni masofadan uzluksiz kuzatib borish uchun videokameralar hamda fuqarolar uchun maxsus xizmatlarni, jumladan, ichki ishlar, tez tibbiy yordam, yong`in xavfsizligi xizmatlarini chaqirish uchun maxsus vositalar o`rnatildi.
Amalga oshirilgan ishlardan ko`zlangan asosiy maqsad haydovchilarning mas`uliyatini oshirish, avtomobil yo`llarida qoidabuzarliklar va yo`l-transport hodisalarining oldini olish, ko`chalarimizda yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish, eng muhimi, yo`l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta`minlashdan iborat.
Masalaning ana shu muhim tomonlari inobatga olingan holda, mazkur tizimni respublikamizning barcha hududlarida joriy etish lozimligi qaror bilan belgilab berildi.
Qarorda, shuningdek, yo`llarni saqlash va ularning yo`l belgilari, axborot ko`rsatkichlari, yo`l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalari bilan jihozlash bo`yicha o`rnatilgan talablarga so`zsiz rioya etilishini ta`minlashga ham alohida e`tibor qaratilgan. Sababi, yo`l belgilari va yo`l chiziqlari, avvalo, harakat ishtirokchilariga aniq ma`lumotlar berib, ularning xavfsiz harakatlanishini ta`minlaydi. Belgilarning aniq va ko`rinarli tarzda joylashishi, ularni nur qaytaruvchi maxsus qoplamalardan foydalanilgan holda tayyorlanishi harakatlanish xavfsizligini ta`minlash samaradorligini oshirib, yo`l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.
Ta`kidlash lozimki, qaror bilan Ichki ishlar vazirligi va Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasining «Uzavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasini tashkil etish hamda tegishli normativ hujjatlar talablariga muvofiq yo`l belgilari, axborot ko`rsatkichlari, yo`l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarishni uning asosiy vazifasi etib belgilash haqidagi taklifi ma`qullandi.
«Uzavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasining ta`sischisi Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi hisoblanadi. Ushbu qo`mita qisqa muddatlarda korxona faoliyatini tashkil etish tartibini belgilovchi hujjatni, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda o`rnatilgan yo`l belgilarini xatlovdan o`tkazish, ularni zamonaviy yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yo`l belgilariga almashtirish, shuningdek, uzoq muddat foydalaniladigan barqaror yo`l chiziqlarini chizish uchun maxsus texnika va asbob-uskunalar sotib olish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi. Bundan tashqari, xalqaro va davlat ahamiyatiga molik yo`llar uchun 900 mm, boshqa yo`llar uchun 700 mm o`lchamdagi metall korpusli yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali yo`l belgilarini ishlab chiqarish hamda ularning aniq ko`rinishi imkoniyatini beruvchi konstruksiyalarga mustahkamlashni nazarda tutgan holda yo`l harakati sohasida standartlashtirish bo`yicha yangilangan normativ hujjatlar tayyorlanadi.
Yaratilayotgan qulayliklardan yana biri, bu ko`pchilik harakat ishtirokchilarining taklif-istaklari asosida joriy yil 1 sentyabrdan e`tiboran avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinasiyasiga ega bo`lgan davlat ro`yxat raqamlarini oshirilgan to`lov stavkalari bo`yicha, shu jumladan, kimoshdi savdosini o`tkazish yo`li bilan tanlash tartibining joriy etilishi bo`ldi.
Bundan tashqari, 2018 yil 1 yanvardan e`tiboran avtotransport vositasidan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarni, avtotransport vositasi ijarasi, tekin foydalanish, garov, lizing shartnomalarini fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlarining tegishli yo`l harakati xavfsizligi bo`linmalarida hisobga quyish to`g`risidagi talabga ham o`zgartirish kiritildi. Endilikda fuqarolar bu ishlarni rasmiylashtirish uchun DYHXXga borib yurmaydi. Bu ish notariuslar tomonidan ularning elektron shaklini DYHXXga jo`natish orqali amalga oshiriladi.
2018 yil 1 yanvardan e`tiboran yo`l harakati xavfsizligi bo`linmalarining jismoniy shaxslarga tegishli engil avtotransport vositalarini (yuk, yo`lovchi va maxsus transport vositalari bundan mustasno) majburiy texnik ko`rikdan o`tkazish bo`yicha funksiyalarini yuridik shaxslar – tadbirkorlik sub`ektlariga bosqichma-bosqich o`tkaziladi. Bu ko`rsatiladigan xizmatlar uchun qat`iy narxlar belgilangan hamda ichki ishlar organlari bilan o`zaro hamkorlikka oid talablar o`rnatilgan holda amalga oshiriladi.
Yana bir yangilik shuki, Prezidentimiz qaroriga asosan Toshkent shahrida, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tajriba tariqasida yo`l-patrul xizmati motosikldagi guruhlari tuziladi. Ularga yo`llar va ko`chalarning harakatlanish qiyin bo`lgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda, shuningdek, xorijiy va boshqa delegasiyalarni kuzatishda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash vazifalari yuklatiladi.
Qarorda sohaning barcha qirralari qamrab olingan bo`lib, ular ijrosini ta`minlash faoliyat samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi. Bunda yo`l harakati ishtirokchilarining yo`l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish maqsadida targ`ibot-tashviqot ishlarini kengaytirish hamda ularning shakl va usullarini takomillashtirish, yo`l harakati ishtirokchilarining huquqlariga so`zsiz rioya etilishini, ularning sha`ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini, xizmat o`tash vaqtida muomala madaniyati va odob-axloq qoidalariga qat`iy amal qilinishini ta`minlash, yo`l-patrul xizmati xodimlari xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni kuchaytirishga, shuningdek, kadrlarni tanlash, ularni kasbiy tayyorlash va qayta tayyorlashning ta`sirchan mexanizmni joriy etish, davlat xizmatlarini ko`rsatish taomillarini soddalashtirishni nazarda tutuvchi hamda ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqishning shaffofligini ta`minlovchi zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng qo`llashga asosiy e`tibor qaratiladi.
Sohaviy xizmat xodimlari o`z oldiga qo`yilgan vazifalarni mas`uliyatni his etgan holda bajarib, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash samaradorligini oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladilar. Buning uchun malakali kadrlar, zarur kuch va vositalar etarli.
Xolmatjon Saydaliev,
IIV YHXBB boshlig`i, polkovnik.