AsosiyJamiyat

​BUXORO — MISKIN MAGISTRALINING 25 KILOMETRI QURIB BO`LINDI

'​BUXORO — MISKIN MAGISTRALINING 25 KILOMETRI QURIB BO`LINDI'ning rasmi

Uzunligi 350 kilometrdan ortiqroq va qiymati 283 million dollar bo`lgan Buxoro — Miskin yangi temir yo`li qurilishi jadal sur`atlarda olib borilmoqda.

Ushbu loyihani amalga oshirish davlatimiz rahbarining “O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonida ko`zda tutilgan zamonaviy transport-logistikasi infratuzilmasini bunyod etish va sayyohlarga ko`rsatilayotgan transport xizmatini yaxshilashda muhim qadam bo`ladi. Yangi temir yo`l liniyasi nafaqat Buxoro, balki Samarqand, Xorazm va Qoraqalpog`iston Respublikasida transport va turizmni rivojlantirishning muhim bo`g`ini bo`ladi.

—Buxoro—Miskin temir yo`l magistrali Qizilqum sahrosidan o`tib, vohamizni Xorazm viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasi, shuningdek, mamlakatimiz poytaxti va boshqa hududlari bilan bog`laydi,—deya tushuntirish beradi “Buxoro-1” stansiyasi temir yo`l ustaxonalari majmui boshlig`i Sherzod Jo`raev.—Bu magistral hozir mavjud Navoiy—Zarafshon—Uchquduq—Sultonuzdag—Nukus yo`lidan 75 kilometr qisqa bo`lib, hududimizni yaqin temir yo`l orqali mamlakatning shimoli bilan bog`laydi.

2016 yilda mamlakatimizda foydalanishga topshirilgan Angren—Pop temir yo`li Xitoy—Markaziy Osiyo—Evropa yangi xalqaro tranzit magistralining muhim o`zagiga aylandi.

Qurilayotgan Buxoro—Miskin temir yo`li esa ana shu magistralning o`ziga xos davomi bo`ladi.
Quruvchilar jamoasi oldida mazkur yo`nalishda 8 ta temir yo`l stanstiyasi va raz`ezdini qurish vazifasi turibdi. Yangi temir yo`l magistrali O`zbekistonda qo`llanilayotgan texnik standart va talablarga javob beradigan zamonaviy signalizastiya, telekommunikastiya va elektr ta`minoti uskunalari bilan jihozlanadi. Bugungi kunga qadar temiryo`lchilar tomonidan po`lat magistralning 25 kilometri qurildi, tuprog`i zichlangan 40 kilometr yo`l relslarni yotqizishga shay etib qo`yilgan. Mazkur loyihani amalga oshirishda ming nafardan ziyod mutaxassislar ishtirok etmoqda, 200 turdan ortiq qurilish texnikasi va maxsus uskunalar ishlatilmoqda. Ushbu temir yo`l liniyasi qurilishini joriy yilda poyoniga etkazish rejalashtirilgan.

Magistralni bunyod etishda ekskavatorchilardan Jamshid Qilichev, Zarif Ibrohimov, uchastka masteri Anvar Haitov, buldozerchi Shukrullo To`xtaev, greyderchi Zuhriddin Sulaymonov va boshqalar fidokorona mehnat qilmoqdalar.

Yangi magistral respublikamizning shimoliy hududlari tabiiy konlarini o`zlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish sur`atlarini tezlashtiradi. Loyihaning bosh strategik maqsadi—mamlakat hududi yagona temir yo`l tizimini shakllantirishdir.

Yangi liniya Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasini mamlakat umumiy temir yo`l transporti tizimiga kiritish hamda O`zbekistondan Qozog`iston va Rossiyaga yuk tashish hajmini oshirish imkonini beradi. Yangi liniya foydalanishga topshirilgandan keyin O`zbekiston va Turkmanistonni o`zaro bog`lab turgan avvalgi temir yo`l Buyuk ipak yo`lining tom ma`nodagi iqtisodiy belbog`iga aylanadi hamda bu hududdagi barcha mamlakatlar manfaatlariga xizmat qiladi.

Yana oz fursatdan so`ng Buxoro—Miskin temir yo`lidan poezdlarda ilk bor o`tadigan yo`lovchilar mamlakatning sharqidan g`arbiga borishda vaqt va masofani qisqartirgan temiryo`lchilar mehnatiga munosib bahoni beradilar, deb yozadi Buxoro viloyati hokimligi sayti.

    Boshqa yangiliklar