Farg`ona viloyatidagi Shohimardon qishlog`ida ko`plab iste`dodli yoshlar istiqomat qiladi.
Ayniqsa, Afifa ismli uch yoshli qizaloqning noyob iste`dodi haqidagi gaplar viloyat markazigacha etib borgan, deb yozadi O`zA.
“Endi tili chiqa boshlagandayoq qizimning xotirasi kuchli ekanini payqagandim.Qanday ertak o`qib bermaylik, butun matnni bolalarga xos tilda qayta hikoya qila olardi. Bir kuni buvisi davlatlar nomi, ularning poytaxtlari haqida gapirib berdi. Qizim barchani lol qoldirib, xuddi o`sha tartibda birma-bir qaytardi. Keyin globusdan mamlakatlar joylashuvini tushuntirdi. Afifa hech qiynalmasdan o`sha davlat va uning poytaxtini ko`rsatar va nomini aytardi”,— deydi qizaloqning onasi Mahliyo Qo`shoqova.
“Qiziqishimiz ortib, biz ham qit`a va davlatlar nomini ataylab chalkashtirib aytdik. U hech adashmay “er shari”dan o`sha qit`a yoki davlatni topdi va poytaxti falon shahar deb, jajji barmoqlari bilan ko`rsatdi. Umuman, dunyo xaritasidan 183 davlatni hech qanday xatosiz ko`rsatib berdi”,—deya so`zlarini davom ettiradi Afifaning onasi.