AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON YoShLAR ITTIFOQI FAOLIYaTINI TAKOMILLAShTIRISh DASTURI TASDIQLANDI

'​O`ZBEKISTON YoShLAR ITTIFOQI FAOLIYaTINI TAKOMILLAShTIRISh DASTURI TASDIQLANDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18 iyul kuni «O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to`g`risida»gi Qarorni imzoladi.

Ushbu muhim hujjat yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yurt istiqboli uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir bo`lgan tashabbuskor va shijoatli yosh avlodni voyaga etkazish kabi ezgu maqsadlarga yo`naltirilgan bo`lib, Yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir keng ko`lamli chora-tadbirlar dasturini o`z ichiga olgan.

Qarorda ko`zda tutilganidek, Dastur ijrosi yuzasidan Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning zimmasiga Yoshlar ittifoqi faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash, bitiruvchi yoshlar bandligini ta`minlash, shu bilan birga, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitet shakllantirish kabi ma`naviy-ma`rifiy ishlarni yanada faollashtirish, ayni paytda iste`dodli yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro`yobga chiqarish kabi qator vazifalar yuklanadi.

Davlatimizning yoshlarga doir siyosati borasidagi barcha maqsadlarini o`zida aks ettirgan Dasturda yoshlarni mas`uliyatli lavozimlar zaxirasiga kiritish, oliy ta`lim muassasalariga imtiyoz bilan qabul qilish, imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Yoshlar klubi»ni tashkil qilish singari g`oyat muhim tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Shuningdek, Dasturga binoan Yoshlar ittifoqi faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida uning yoshlarga oid ommaviy axborot vositalari, fuqarolar yig`inlari, xorijdagi turdosh tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish, Ittifoqning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kengaytirish, jumladan, «Yoshlar nashriyot uyi», «Yoshlar press-klubi» va «Yoshlar qurilish invest» kompaniyasini tashkil etish, ta`lim olish va uy-joy egasi bo`lishda, o`z biznesini tashkil qilishda ilg`or va namunali yoshlarga ko`maklashish bo`yicha ko`plab chora-tadbirlarni amalga oshirish ko`zda tutilmoqda.


    Boshqa yangiliklar