Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarorni imzoladi. Hujjatda aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash jarayoniga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi bir qator masalalarga echim ko`rsatilgan.
Xususan, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan qonun hujjatlari buzilishi, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini shakllantirish tartibi qo`pol buzilganligi oqibatida lisenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va unga aloqador xodimlarning barcha uchun ochiq bo`lgan yagona reestrini shakllantirish belgilandi.
– Yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi qo`pol ravishda buzilsa, ularning lisenziyasi bekor qilinadi va 3 yil davomida mazkur dorixona mudiri nomiga lisenziya rasmiylashtirilmaydi. Narxni belgilash tartibini buzish deganda dori vositalarini qat`iy belgilangan narxlardan yuqori narxda sotish va belgilanganidan ortiq savdo ustamalarini (15/20 foiz) qo`yish tushuniladi, – deydi Sog`liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi bo`lim boshlig`i Muhabbat Ibragimova. — Shuningdek, endilikda tartib-qoidani qo`pol ravishda buzgan farmasevt xodimlar ham yagona reestrga kiritiladi va ular ham 3 yil davomida dorixonalarda farmasevt xodim sifatida faoliyat yuritish huquqidan mahrum etiladi. Ushbu reestr barcha uchun ochiq bo`lgani bois, dorixona mudirlari ishga qabul qilishdan oldin bo`lajak xodim mazkur ro`yxatda bor yoki yo`qligini tekshirib ko`rishlari tavsiya qilinadi.
Ushbu reestrni shakllantirish vazifasi O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog`liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan bir oy muddatda amalga oshirilishi belgilangan, deya xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.






