1

"AChChIQ USTIDA OILAMNI BARBOD QILDIM…"

Mutolaa 20.07.2017, 15:34
 "AChChIQ USTIDA OILAMNI BARBOD QILDIM…"

To`rtinchi qavatga qo`limdagi og`ir sumkalarim bilan zo`rg`a ko`tarildim. Uyda ham tikish qilmasam, ro`zg`or tebratishim qiyin bo`lib ketayapti. Eshikka yopishtirilgan qog`ozga ko`zim tushib esa uf tortdim. Yana nimadan qancha qarz ekanman?

Oyi, anuv xotin yana keldi! Rosa eshikni taqillatdi! Men o`zingiz aytgandek ochmay o`tiraverdim, — uyga kirishim bilan o`g`lim har kungi axborotini takrorladi.

Hech narsa demadimi? — deya so`radim. Aslida o`sha xotinning nimalar deyishini bilsam ham.

Gapirdi! «Pullaring ham kerakmas, chiqib ketlaring», dedi. Oyi, buvimlarnikiga qayta qolaylik, — o`g`lim iltijo bilan menga qarab turardi.

Xo`p...

Shu so`zni aytdim-u, ammo na otamnikiga qayta olishimni, na bu uyda qololishimni o`ylab, battar ezildim. Uch oydan beri ijara pulini berolmayman. Topganim kun kechirishimizga zo`rg`a etib turgan bir paytda o`g`limning ham mazasi qochib qoldi. Uni davolataman deb, akamdan olgan pullarimni hali qaytarganim yo`q. Bu yoqda esa ijarachi xotin tinmay qo`ng`iroq qiladi, javob bermay qo`yganimdan keyin oxiri uyga keladigan odat chiqardi. Endi kimdan pul so`rab tursam ekan? Opam yordam berolmasmikan? Harholda pochcham yaxshi topadi. Shu o`yda opamga sim qoqdim.

Uch oydan beri ijara pulini to`lamadingmi? Qancha bo`libdi? — opamning pulning summasini surishtirganidan ko`nglim xotirjam tortdi. Demak, yordam beradi. Ammo qanchaligini aytganimdan ikkimizning ham tarvuzimiz qo`ltig`imizdan tushdi.

Nima? Uncha pulim yo`q. Mayli, bugun kel, ro`zg`oringga u-bu narsa berib yuboraman. Biroq...

Pochchamda bor-ku! — dedim opamdan boshqa najotim yo`qligini o`ylab.

Opam avvaliga nima deyishni bilmay turdi shekilli, indamay qoldi, keyin go`shakdan uh tortgani eshitildi.

Sening ering ham yomon topmasdi. Jim o`tirganingda hozir yurmasding ijarama-ijara. Bolani ham sarson qilding.

Opa, qo`ying... — dedim doimgidek ayblovlar boshlangach. — O`zi yuragimga qil ham sig`mayapti! Berib tura olasizmi?

Gapirsak, eshitishni istamaysan. O`shanda ham quloq osmaganding o`zi. Endi esa...

To`g`risi, shu endidan keyingi gaplarni eshitgim kelmadi. Telefon go`shagini ko`ksimga bosib yig`lab yubordim.

Endi... Endi nima bo`lganini o`zim ham bilaman. Nega hadeb opam, akalarim o`tgan kunlarni, er talashib xato qilganimni, ajrashmasligim kerakligini, bugun sarson-u sargardon bo`lib yurishimga o`zim sababchiligimni qayta-qayta eslataverishadi. Shundoq ham o`zimni kechira olmayman. Shundoq ham muammoga duch kelganimda bariga o`zimni ayblab, yuragim eziladi. Shundoq ham o`g`limning ko`zlariga qaray olmayman. Bular bo`lsa...

***

Shunday yoz kunlarida ko`zim yorigandi. Onalik baxti, o`g`il quvonchidan boshim ko`kka etgandi. Erim ham uchib-qo`nib tug`ruqxonaga kelib ketardi. Turmush o`rtog`imning falonchiligini bilgan shifokoru hamshiralar atrofimda girdikapalak edi. Baxtdan sarxushligim sabab to`lg`oq dardi, tug`ruq azobi, jismimdagi og`riqlar unutilgandi. Tug`ruqxonadan chiqadigan kunimiz shifokorlardan ruxsat olib, sochlarimni to`g`irlatish uchun go`zallik salonida ishlaydigan qizni chaqirdim. Fotossesiya qilarkanmiz, deb sochimni turmaklatib o`tirganimda, uning bir og`iz gapi hammasini ostun-ustun qilib tashladi.

— Siz o`sha Shokir akaning ayolimisiz? O`g`il tug`dingizmi? Zo`r-ku! Eringiz endi Malikaga qayrilib ham qaramasa kerak?

Oldiniga hayratdan katta-katta ochilgan ko`zlarimning aksini ro`paramdagi ko`zguda ko`rdim. Keyin shartta sochimni jingalak qilayotgan qizga qaradim.

Tushunmadim, qanaqa Malika?

U dovdirab qoldi. Meni hamma gapdan xabardor deb o`ylagan bo`lsa kerak-da. «Anuv...» deya kalovlanib turdi-da, keyin birdan «Adashdim. Men boshqa Shokir akani tushunibman», deb ko`zlarini olib qochdi. Birdan ko`nglimga shubha oraladi.

— Muborak, qo`ying, diqqat bo`lmang, — bir nuqtaga tikilib qolganim uchun hamxonalarimdan biri taskin bermoqchi bo`ldi, — Puli ko`p erkaklarning boshini aylantiradiganlar doim topiladi. Mana, pahlavondek o`g`il tug`ib berdingiz. Shokir ham endi Malikasi bilan aloqalarni uzar. Qarang, bir kunda necha marta kelib ketadi eringiz. Sizga mehri tushganda, — dedi u.

Bu «taskin»dan so`ng esa ko`zlarim moshdek ochilgandek bo`ldi.

Ha, erimning mehribonliklari bekorga emas ekan. U menga mehr ko`rsatish barobarida o`zining ehtiyotini qilib yurarkan-da! Ko`chada yuradigani borligi rostdirki, mana bularning menga rahmi kelib gapirib o`tirishibdi. Salonchi qiz sochlarimni to`g`irlab bo`lgach, yuzimni pardoz qilmoqchi edi, unamadim.

— Kerakmas, mana, puli, — dedim-da, karavotimga o`tirib oldim.

Shunday quvonchli kunda dilimni xufton qilganinidan xijolat bo`lgan qiz nima deyishni bilmay chiqib ketdi. Hamxonam ham chaqalog`i bilan ovora bo`lib qoldi.

Shu kunni qanday o`tkazganimni bilmayman. Birov qo`limdan sudrab olib chiqqandek, tug`ruqxonadan chiqdim. Suratchi yigit jilmaying, deya qancha ta`kidlamasin, yuzlarimga erimdek soxta tabassum yugurtira olmadim. Kayfiyatim yo`qligining sababini so`raganlarga charchaganimni, biroz holim yo`qligini bahona qildim. Tezroq uydagi mehmonlar tarqab, Shokir aka bilan yuzma-yuz gaplashib olish istagida yonardim.

Tabiiyki u aybini tan olmadi. Avvaliga «Charchagansan!», «O`sha qiz adashgan» deya ovutmoqchi bo`ldi-yu, oxiri «Shunaqa quvonchli kunni rasvo qilding», deya taraqlatib eshikni yopib chiqib ketdi. Endi gal qaynonamga keldi. Janjalimizni eshitib, yugurib keldi-da, gap nimadilinini tushungach, u kishi ham nasihatgo`ylikni boshladi.

— Qo`ying, hozir siqilsangiz, sutingiz qochib ketadi. O`g`lim to`ydan oldin o`sha Malikaga ilakishib qolgandi, allaqachonlar u bilan aloqani to`xtatgan, — deya bir menga, bir big`illab yig`layotgan o`g`limga parvona bo`ldi.

Chillamda ichimga chiroq yoqsa yorishmadi. Xo`jayinim ham o`zgarib qoldi. Nimadir demoqchi bo`lib og`iz juftlasam, gapni qisqa qiladigan, iloji boricha mendan o`zini olib qochadigan bo`ldi. Uning o`zini bunday tutishini gumonlarimni alangalatardi. Bir kun ishdan juda kech qaytganida, ona-o`g`il tortishib qoldi.

Yana shu Malika bilan topishib oldingmi? Ertagayoq mahallasiga borib, sharmanda qilib kelaman.

Oyi, qo`ying! Ishda ushlanib qoldim! Malikani tinch qo`ying! Meni deb shuncha gap-so`zga qolib ketdi u ham! — erimning g`amgin ovozidan bildimki, hamon unda ko`nglim bor.

Jim yurganida, hech qanday gap-so`zga qolib ketmasdi! Ana o`tgan hafta xolang ham sening mashinangda ko`ribdi.

Nima bo`libdi ko`rgan bo`lsa? — Shokir akaning jahli chiqa boshladi.

Bu nima deganing? Sharmanda qilib, o`ldirmoqchimisan meni? — qaynonamning ovozi titrab ketdi.

Bo`ldi, oyi, Malika shunchaki tanishim! Mashinamga chiqdi degani, mening u bilan yurganimni bildirmaydi-ku! Siz topgan qizga uylandim, mana, ko`ngliga qarab yuribman! Yana nima kerak sizlarga?

Ko`ngliga qarab yuribman? Men bilan majburan yasharkan-da! Kimdir ustimdan muzdek suv quygandek bo`ldi. Bu suhbatni ortiq poylab turishga sabrim qolmadi. Shartta ular o`tirgan xonaning eshigini ochib kirdim.

— Mening javobimni bering! — dedim.

Erim ham, qaynonam ham toshdek qotib qolishdi, hamma gapni eshitib turganimni bilgach, qaynonam yupatishni boshladi. Shokir aka esa hech jahlm bosilmayotgani uchunmi yo u ham kimdan alamini olishni bilmay turganmidi, yuzimga tarsaki tortib yubordi. Yuzim emas, yuragim og`ridi. O`zimni aldangan, xo`rlangan his qilardim. Onasining xizmatini qilsam, o`g`il tug`ib bersam, yaxshi ko`rib mehr ko`rsatsam, bu kishi ko`chada ko`ngilxushlik qilib yursa? Yo`q! Yo men bilan ajrashib, Malikasini bilan yashaydi, yo undan voz kechib, men bilan!

Tug`ruqdan keyingi tushkunlik, chaqalog`imning injiqligi, hali salomatligim tiklanmaganligi, bu tomonda esa erimning hunari, bari iskanjasiga oldi-yu, o`zimni boshqara olmay qoldim. Atrofimdagilarning gapini tinglashni ham istamadim. Birinchi qadamimni ota uyimga qaytish uchun tashladim. Erim olib ketish uchun kelmadi. «Men hech nima qilmadim, o`zi yo`q joydan janjal chiqardi», deya o`zini oqladi. Men esa achchiq ustida ishxonasiga bordim. Boshlig`iga uchrashib, xodimini tartibga chaqirib qo`yishini so`radim. Lavozimi oshib qolganiga o`zidan ketib qolganini ham qistirib o`tdim. Ishxonasida yuzi shuvut bo`lgani uchun Shokir aka o`z xohishi bilan ishdan ketdimi yoki nozik joyda ishlagani bois bo`shatib yuborishdimi, xullas, ishsiz qoldi.

Mana shu harakatim Shokir akaning mendan butkul yuz o`girishiga sabab bo`ldi. O`g`li ham ko`ziga ko`rinmay ajrashishga ariza berdi. Men uni ishidan ayirib xato qilganimni o`shanda tushunmadim. Hammasiga Malikani balogardon qildim. Onam qancha unamasin, opam bilan qaynonam tushuntirmasin, uyga qaytmadim. Oxir-oqibat ajrashdik...

Chiqqan qiz chig`iriqdan nari ekan. O`z uyimga ikki yil sig`dim. Kelinoyim «Bosiq va sabrli bo`lganida, eri bilan ajrashmasdi», deya ortimdan ta`na qilgach, o`rtamizda janjal chiqdi. U ham «Yo bu uyda Muborak yashasin, yo biz», deya talab qildi. Shundan keyin ijara uyga chiqdim. Avvaliga ota-onam qarashib turdi, akalarim ham yordamini ayamadi. Biroq qo`ldan berganga qush ham to`ymas deganlaridek uyga pul yig`ish tugul oylikdan oylikkacha kun sanab yashaydigan bo`ldim. Shokir aka esa bir yil o`tmay xorijga jo`nab ketdi. Uch yil chet elda ishlab kelib, uylandi. Malikagamas, boshqa bir qizga. Yaqinda farzand ko`ribdi. O`g`liga endi pul ham berib turmasa kerak. Qaynonam esa o`g`lining oyog`iga bolta urganim uchun nevarasidan xabar olmaydi. Mana, etti yildirki, o`z aravamni o`zim sudray olmay yashayapman.

O`tgan kunlarni tahlil qilib, bir narsani angladim. Erkakning xiyonati ayol uchun zarba. Faqat unga munosib javob qaytarishni bilish kerak ekan. O`shanda biroz oqilroq bo`lganimda, balkim bugun o`g`lim otasining bag`rida ulg`ayarmidi? Sobiq erimning ishxonasiga chopib bormasdan, oilamni asrab qolish uchun harakat qilganimda, turmush o`rtog`imning ham menga muhabbati tushib, Malikani unutarmidi? Bilmadim... Bilganim oilamni o`zim asrab qola olmadim...

MUXLISA yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1