Islom madaniyati rivojiga hissa qo`shgan Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o`rganish bo`yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun erta tongda ana shunday ulug` allomamiz nomi bilan ataluvchi, azim Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Imom Termiziy” jome masjidiga birinchi g`isht qo`yish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo`limi xabar qildi.
Unda O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchilik ulamolar, masjid qavmi va mahalla faollari ishtirok etishdi.
Muftiy hazratlari qurilayotgan masjid qiyomatgacha xizmat qilishini niyat qilib, birinchi g`ishtni qo`yib berdilar. Shuningdek, nuroniylar va ezgu niyatda yig`ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g`isht qo`ydilar.
Ma`lumot uchun, joriy yilning 21 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Olmazor tumaniga qilgan tashriflari chog`ida ushbu jomeni ko`zdan kechirib, uni qaytadan qurish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edilar.