Parvoz qilayotgan qushlar

Mutolaa 21.07.2017, 12:11
Parvoz qilayotgan qushlar

Uyimga eltadigan avtobusni uzoq kutdim. Ayni paytda yo`l mashinasiga ham o`tirgim kelmadi. Birpasda manzilimga etkazib qo`ysa-da, o`zimni unda battar yolg`iz his qilishimni o`ylabmi, kutishda davom etdim. Nihoyat keldi. Arang chiqib olib, ichkariroqqa yurdim.

Qulog`imga musiqa chalingach, ovunchoq topgandek bo`ldim.

Ammo…

«...Ikki oqqush, momiq parli,

Uchay desa yo`l xatarli,

Qo`shiqlari dardli-dardli

Sensiz hayot zerikarli...»

Avtobus tiqilinch bo`lishiga qaramay, yon-verimda notanishlar o`rab tursa-da, ko`zimdan shashqator yoshlar oqdi. «Yig`lamayman» degandim-a? Xayolimga shu so`z urildi-yu battar xo`rligim keldi. Muvozanatni yo`qotayotganim uchun qo`limni yanada balandroq cho`zdim. Tutqichni mahkamroq qisdim. Keyin uzun engimning sirpanib pastga tushayotganini-yu qo`llarimdagi o`sha ma`shum dog`larni ko`rdim. Darrov ularni tortib olib, eshik tomon yo`naldim. Yo`lovchilardan biri «Tushasizmi?» deya yo`l berdi. Ha, tushib qolaman, garchi manzilimga etmagan bo`lsam-da…

Haqiqatning ko`zlariga tik boqmoq buncha og`ir ekan? Uch kundan beri qulog`im ostidan shu so`zlarni haydashga urinayotgandim.

«Oqingiz borligi haqiqat! Buni tan oling! O`g`limning o`zi sizga uylanishni istamadi!»

Negadir, o`shanda beparvo eshitdim bu so`zlarni. Yo`q, endi o`ylab qarasam, beparvo emas, taxtadek qotib qolgan ekanman. «Yig`lamayman» deya liftdan osmono`par binoda joylashgan ofisimizga ko`tarildim. Shunaqa bo`lishini sezib yurgandim-ku o`zi, deya barini tabiiydek qabul qilishga urindim.

To`g`ri, avvalari qo`limdagi dog`im haqida qimtinib so`rashsa ham, ichimda dardli to`fon uyg`onardi-yu zumda ko`zlarimga ko`chardi. Esimni tanibmanki, ularni yashirishga urinaman. Otam ko`p kuydi, qaerda shu mavzuda gap ochilsa, quloq tutadi, qaerda yangi tabib, do`xtir chiqsa, meni olib chopadi. Shuncha dori-darmon, muolaja sabab ular butun tanam bo`ylab tarqab ketmayotgani uchun onam doim shukr qiladi. Men... men esa toki uni uchratgunimcha qop-qora hayotda yashayotgandek edim go`yo. Unda faqat bitta oq rang bor — u ham bo`lsa oq dog`lar!

***

Jasur ikkimiz o`qishda tanishib qolganmiz. U qo`llarimni ko`rmay meni sevib qolgan. Ha... men shunday o`ylardim. Keyin qizlar sirimdan xabar topti. Yangilik o`g`il bola kursdoshlarimiz qulog`iga ham etib bordi. Jasur avvaliga rosa achindi, keyin nega bunday bo`lishini surishtirdi, so`ng davosi bordir deya meni umidlantirishga urindi. O`zim ishonchimni uzgandim allaqachon, uning kuyib-yonishlari ko`nglimda ilinj paydo qildi. Dog`larimning bir kun yo`qolib qolishiga emas, muhabbatning mo``jizasiga! Shu ilinj menga taskin berar, hayotimga yorug`lik bag`ishlab turardi.

***

— Charos, bugun vaqting qalay, ko`rishsak, degandim, — kursdosh dugonam ish payti qo`ng`iroq qilib qoldi. Shu kunlarda o`zimni yolg`iz sezayotganim uchun darrov rozi bo`ldim. Boshlig`imizga yaxshigina bahona to`qib, ishdan yarim soat vaqtli chiqishga ham muvaffaq bo`ldim.

— Salom! — sirdoshim, darddoshim Zeboni ko`rib ko`nglim yorishdi.

— Qorning to`qmi, Charos? Kel, muzqaymoqmi, nimadir olamiz-da, yayov yurib gaplashib keta qolamiz, — uning so`zlash ohangidan muhim gap aytoqchiligini payqadim. Topag`onlik qilish uchunmi yo uning quvonchli xabarini oldindan o`zim aytib dugonamni yanada xursand qilish niyatidami, bir aylanib oldiga chiqdim-da, bidirladim:

— Qani, taklifnoma? To`yga aytib keldingmi meni?

Zeboning ko`zlarida hayrat paydo bo`ldi. Bir yutinib ham oldi. Qo`llarimdan ushladi-da, xuddi ota-onasi majburlab uzatayotgan qizdek xomush gapirdi:

— Eshitdingmi? Kimdan? Hali... — tili aylanmay qoldi dugonamning. Qop-qora ikki ko`zidan dumalagan yoshlar mening ham kulib turgan yuzimga soya soldi.

— Qanday aytishni bilmayotgandim. Mayli, o`zingni qo`lga ol, — dedi u meni quchgancha.

— Nima bo`ldi?

— Charos, bir narsani unutma, men har doim sening yoningda turaman. Seni suyab turaman, — u meni mahkamroq quchoqladi. Men esa o`zimni orqaga tortib, ko`zlariga qaradim.

— Nima bo`ldi, Zebo?

— Jasur boshqa qizga og`iz solibdi. Shuni senga aytib qo`yishimni yozib yuboribdi menga... — dugonam go`yoki suyganimning meni tashlab ketishiga aybdordek nigohlarini olib qochdi.

Uyga kelguncha yig`lab keldim. Zebo ham bir so`z demay, faqat ko`z yosh to`kdi. Ko`ngil qo`ygani tashlab ketgan boshqa qizlarga o`xshab «Nima uchun?» deya olmadim. Sababi kundek ayon — oq dog`larim. «Tashlab ketar ekansiz, meni aldab nima qilardingiz?» deya Jasurga ham alamimni socholmadim.

Nazarimda, Jasurning to`yi bo`lgan kuni dardlarim o`z nihoyasiga etadigandek, tuyg`ularim meni tark etadigandek edi. Aksiga olib, bu xabar eshitilmasdi. Bir kuni uning o`zi yana yo`llarimda paydo bo`ldi.

— Oyim mahallangga borib, surishtirib kelgan ekan. Shu… hammasini bilibdi… Ota-onam qarshi bo`lishganiga Zeboga o`sha xabarni jo`natgandim… Aslida… — mendan ko`zlarini olib qochib gapirayotgan Jasurning ikki o`t orasida qolganini his qilib, ham yuragim ezildi, ham qalbimning bir burchida yilt etgan umid uyg`ondi.

Uyimizga sovchilar kelar, ba`zilari haqiqatni bilgach, qayta qadam bosishmas, ayrimlari «Yigit-qiz uchrashsin», derdi. Tabiiyki ko`nglim o`zgadaligi, buning ustiga, Jasurning muhabbatimiz uchun kurashishiga umid bog`lab, onamga dilimni ochdim. Onam doim ko`nglimga qaragani sabab bu gal ham biroz xavotir bilan bo`lsa-da rayimga qarshi chiqmadi.

Jasurning bir paydo bo`lib-bir yo`qolib qolishlari aro ikki yil o`tdi. Onam yaxshi joydan sovchi chiqsa, «Qizim, bu yigitga ishonch yo`qroqmi, deyman. Hozir tushungan oilalardan so`rashayotgandi, yo`q-yo`q deyaversak, keyin nima bo`ladi?» deya kuyinardi. Men esa Jasurning sovchilarini kutardim. Uch kun oldin esa…

***

— Sizni pastda kutishayotgan ekan, Charos. Kattaroq yoshli ayolmi deyman yo`qlab kelgan kishi. O`n ikkinchi qavatga ko`tarilgisi kelmagan chog`i, — hamisha bahor kotibamizning gul-gul yonib turguvchi chehrasi mening ham kayfiyatimga ta`sir qilib, boshimdan oshib-toshib yotgan ishlarimni uflamasdan tashlab lift tomon yurdim.

Juda chiroyli va xushmuomala qiz shu kotibamiz. Bir zum tinim neligini bilmaydi. Mehnatkash! Ish orasida qo`li bo`sh qolsa, yo choy, yo qahva ko`tarib xonamga kelib qoladi. Menga havas qilishini aytganida-ku, o`zimni uchayotgandek his qilaman. Men o`qiyotgan universitetga uch yildan beri hujjat topshirib kirolmas ekan, shunga «Sizning yo`lingizni bersin menga ham! Yoningizda yursam, omadingiz yuqib qolar», deb qo`yadi. Qiziq… bir paytlari ba`zi qizlar mendan o`zini tortardi. Oq dog`larim yuqib qolishidan cho`chishardi. Keyin o`zim ham tortinchoqroq bo`lib qoldim. Kamdan-kam odamga qo`l uzataman. Nogoh englarim ichiga yashiringan dog`larni ko`rib qolsa, yuzidagi o`zgarish dunyomni qorong`u qilib yuborardi axir. O`zim ham juda ta`sirchan qizman-da! Mana, o`qidim, ishga joylashdim, o`z o`rnimni topdim, atrofimda mehribon insonlar ko`paydi. Qo`limdagi dog`lar haqida ham eslamay qo`ydim. Endi ular hayotimga xalaqit qilmayotgandi…

— Assalomu alaykum, men Charosman, — dedim binoga kiraverishdagi ayvonda betoqatlanib turgan ayolga jilmayib.

Boshdan-oyoq menga razm solgan ayolning yuzi ko`zimga issiq ko`rinsa-da, uning kimligini eslolmadim.

Salom. Yaxshi, — deya yon-atrofiga boqdi ayol. Keyin yumshoq o`rindiqlar tomon yurdi. Men ham beixtiyor unga ergashdim. — Men Jasurning onasiman.

Assalomu alaykum! — hayajondan yana qayta salom berdim. Keyin yuzimga qizillik yugurganini ularning lovillayotganidan sezib, erga qarab oldim.

O`tgan hafta o`g`lim bilan urishib qolibsizlar. Shundan beri uymizda tinchlik yo`q, — ayolning nigohlari qo`llarimga qadalganini sezib, ularni qaerga yashirishni bilmay qoldim.

O`tgan hafta urishib qolibmiz? Qiziq? Deyarli bir oy bo`ldi-ku Jasurning qo`ng`iroq qilmaganiga?

— Xullas, o`g`limdan umidingizni uzing. Haqiqatni tan oling, qo`llingizda dog`laringiz bor. Tengingiz chiqar… Qolaversa, Jasurning o`zi sizga uylanishni istamayapti…

Ichimda nimadir g`alayon qilsa-da, tilimga biror so`z kelmasdi. Nima ham derdim.

Mayli…

Xo`p, sog` bo`ling!

Ayol poshnasini taqillatib chiqib ketdi. Men esa o`rindiqqa cho`kkancha o`tirib qoldim. Qancha vaqt, bilmayman? Telefonim jiringlaganidan cho`chib ketdim. Qarasam, kotibamiz.

Allo. Charos opa, ofisdamisiz? Yig`ilishga, — dedi u quvnoq ovozda.

O`pakamni to`ldirib nafas oldim-da, yana lift tomon yurdim. Nima bo`lsa ham, yuqoriga ko`tarilish kerak!

***

«...Ikki oqqush, momiq parli,

Uchay desa yo`l xatarli,

Qo`shiqlari dardli-dardli

Sensiz hayot zerikarli...»

O`sha kun avtobusda eshitgan qo`shiq yangray boshlaganida mayus tortib qoldim. O`tgan kunlarni eslatib yuborgani uchunmi, bu dardli qo`shiq. Mashina derazasiga boshimni qo`ygancha, tun qo`yniga cho`kib ketayotgan yo`llarga ko`z tikdim. Daraxtlar, uylar, bari ortda qolayapti. Qo`shiq esa davom etayapti…. «Qo`shiqlari dardli-dardli…» Yo`q, birdan boshqa musiqa yangray boshladi.

«Olib qochgum seni baribir,

Qo`l uzamas dardlar bo`ynidan,

Biz zerikdik, biz charchadik, axir

Baxtlar kutib taqdir qo`ynidan…»

Qo`llarimni ruldagi qo`llar tomon cho`zdim. Men uchun baxtli kunlar yaratayotgan qo`llarga. Bugun yig`ilishda qattiq charchagan bo`lishiga qaramay yuz-ko`zlari kulib turgan umr yo`ldoshimga boqib, shukronalik hissini tuydim. Bunchalar yaxshi, ko`ngli toza inson bo`lmasa!

U men bilan uch yil yonma-yon ishladi. Qo`llarimdagi dog`ga emas, ularning qanchalik halolligiga nazar soldi. Buni o`zi aytgandi qo`limni so`raganida.

Hech boshqa odamning yonida ovozimni chiqarib qo`shiq hirgoyi qilolmasdim. Uyalardim. Hozir esa mashinamizni baxtga to`ldirib kuylayotgan xonandagi jo`r bo`lgim keldi…

«Peshvoz chiqar anvoyi gullar,

Bizni kutar biz kutgan kunlar…»

O`zimni parvoz qilayotgan qushdek sezdim. Yolg`iz emas, muhabbatim bilan birga parvoz qilayotgan qushdek...

Shoira VAFOEVA yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1